Daryo

Ukraina va Rossiyaning urushdagi yo‘qotishlari 1,8 millionni tashkil etdi — NYT

Ikki davlat ham urushdagi taktikasini o‘zgartirmoqda. Rossiya dronlar sababli og‘ir zirhli texnikalardan foydalanishni kamaytirdi. Ukraina esa qordagi izlar yordamida nishonlarni aniqlamoqda.

2 daqiqa o‘qish8 119 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiya va Ukrainaning urushda halok bo‘lgan, yaralangan va bedarak yo‘qolgan harbiylari soni 2026-yil bahoriga kelib ikki millionga yetishi mumkin. Bu haqda AQSHdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisobotiga tayanib, New York Times xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, urush boshlanganidan beri taxminan 1,2 million nafar rossiyalik va 600 mingga yaqin ukrainalik harbiy halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan. Shu tariqa, ikki tomonning urushdagi umumiy yo‘qotishlari soni 1,8 million kishini tashkil etmoqda.

Urush davomida qurbonlar sonini aniqlash qiyin bo‘lib kelmoqda. Rossiya halok bo‘lgan va yaralanganlar sonini kamaytirib ko‘rsatsa, Ukraina bunday ma’lumotlarni rasman e’lon qilmaydi. Hisobot AQSH va Buyuk Britaniya hukumatlari baholariga, shuningdek boshqa manbalarga tayangan holda tayyorlangan.

“Raqamlar Rossiya armiyasi Ukrainada arzimas muvaffaqiyatlarga erisha yotganini ko‘rsatmoqda. Rossiyalik harbiylar ba’zi joylarda kuniga 15 metrdan 70 metrgacha tezlikda harakatlanmoqda”, deyiladi xabarda.

​Hisobotda keltirilishicha, 2024-yil yanvar oyidan beri Rossiya Ukraina hududining 1,5 foizini egallab olgan. Urush boshidan beri esa u mamlakatning qariyb 20 foizini bosib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Urush taktikasi o‘zgarmoqda

Qishda sovuq ob-havo har ikki davlatning qo‘shinlari harakatini sekinlashtirganiga qaramay, Rossiya Lugansk va Donetsk viloyatlarida sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu hududlarda uning armiyasi Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga urinishni davom ettirmoqda.

Ikkala tomon urushdagi taktikasini o‘zgartirgan. Rossiya havoda dronlar tomonidan doimiy kuzatuv olib borilayotgani sabab og‘ir zirhli texnikalardan foydalanishni qisman to‘xtatdi.

Endilikda u Ukraina pozitsiyalariga kirishga urinayotgan mototsikl yoki piyoda askarlarning kichik guruhlaridan foydalanmoqda. Shu tariqa dronlar hujumidan qochmoqda. Dronlarni boshqarayotgan ukrainalik ofitserlar, o‘z navbatida, qordagi qadamlar va shinalar izlarini kuzatib, Rossiya qo‘shinlarini aniqlamoqda.

Shunga qaramay, halok bo‘lganlar soni oshishda davom etmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirish buyrug‘ini berganidan buyon taxminan 325 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgan.

“Ikkinchi jahon urushidan beri biror-bir buyuk davlat bunday darajadagi yo‘qotishlarga uchramagan”, deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi.

​Xususan, 2025-yil davomida qariyb 415 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bu o‘rtacha hisobda oyiga deyarli 35 ming kishini tashkil etadi. New York Times o‘tgan hafta AQSH prezidenti Donald Trampning bergan bayonotini ham eslatadi. Unda Tramp Ukrainada har oyda taxminan 26 ming nafar harbiy halok bo‘layotganini aytgan edi.

Tadqiqot baholariga ko‘ra, 2022-yil 24-fevraldan buyon 100 mingdan 140 ming nafargacha ukrainalik harbiy halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. maqolada jang maydonidagi rossiyalik harbiylar soni ukrainaliklardan qariyb uch baravar ko‘p ekani qayd etiladi. Bu Rossiyaning aholisi ko‘pligi va shu hisobdan safini to‘ldirish imkoniyati kengligi bilan izohlanadi. Ukraina esa son jihatdan kichikroq armiyasining katta qismini yo‘qotmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar