Qirg‘iziston Rossiya migrantlar bo‘yicha kelishuvni bajarmagani uchun Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Qirg‘iziston Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Azamat Mukanov ma’lum qildi.
U ushbu bayonotni Jogorku Keneshning mehnat, sog‘liqni saqlash, ayollar masalalari va ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida, “Fuqarolarning tibbiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida bildirgan.
Yig‘ilishda qo‘mita a’zolari Rossiyada ishlayotgan muhojirlarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, tibbiy yordam olish uchun sug‘urta polislari berish masalasida ishlar qanday ketayotgani bilan qiziqqan.
Azamat Mukanovning so‘zlariga ko‘ra, YOIIga a’zo besh davlat o‘rtasida mehnat muhojirlariga oid kelishuv mavjud.
Biroq hozirda Rossiya tomoni ushbu kelishuvning 96–97-moddalarini buzmoqda va mehnat muhojirlarining oila a’zolariga majburiy tibbiy sug‘urta berishdan bosh tortmoqda. Qirg‘iziston YOII sudiga da’vo arizasi topshirdi, sud jarayoni ketmoqda, qaror ikki hafta ichida chiqariladi, degan u.
Mukanov Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Qirg‘izistonga kelganida ham bu masala muhokama qilinganini aytgan.








