Minglab isroilliklar G‘azo sektoridagi mojaro oqibatida posttravmatik stress buzilishidan aziyat chekmoqda, bu esa mamlakatda ruhiy salomatlik sohasidagi eng keng ko‘lamli inqirozni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.
Agentlik keltirayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning Natal notijorat tashkiloti hisob-kitoblariga asosan, Isroil aholisining hozirgi holatining bevosita va bilvosita xarajatlari keyingi besh yil ichida 160 milliard dollarga yetishi mumkin. Mavjud muammolar qatoriga mehnat unumdorligining pasayishi, surunkali kasalliklar va oilaviy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi kiradi.
Natal tayanib o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, mamlakatning 10 millionlik aholisidan taxminan 625 ming isroillik allaqachon mojaroning ruhiy oqibatlarini boshdan kechirgan yoki kechiradi, 60-80 ming kishida esa mehnat bozoriga qayta moslashishiga to‘sqinlik qiladigan ruhiy muammolar rivojlanadi.
Isroil Mudofaa vazirligining reabilitatsiya bo‘limida ruhiy kasalliklar va PTSR bilan og‘rigan 32 ming harbiy xizmatchi davolanmoqda. Shu bilan birga, ularning 13 ming nafari so‘nggi ikki yil ichida, ya’ni jangovar harakatlar paytida kasalxonaga yotqizilgan. Vazirlik baholashicha, 2028-yilga kelib ixtisoslashtirilgan muassasadagi bemorlar soni 50 ming nafarga yetishi mumkin.
Ta`kidlanishicha, Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi yarashuv davom etsa ham, mojaro oqibatida ruhiy jarohat olganlar soni faqat ortib boradi.
Isroillik mutaxassislarning baholashicha, mamlakatda nafaqat PTSR holatlari ko‘paygan, balki depressiya va xavotir buzilishi bilan bog‘liq bemorlar soni rekord darajada ortgani ham qayd etilgan.“Mavjud tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu muammoni hal qilish uchun 20-30 yil talab etiladi”, deydi Tel-Aviv universiteti mutaxassisi Yair Bar-Xaim.
- G‘azo sektori atrofidagi vaziyat
2025-yil oktyabr oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida AQSH prezidenti Donald Tramp tinchlik rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga kelishib oldi, ertasi kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirdi. Isroil qo‘shinlari kelishuvga muvofiq "sariq chiziq"qa chekinib, anklav hududining 50 foizdan ortig‘ini o‘z nazorati ostida saqlab qoldi. 13-oktyabr kuni HAMAS 20 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qildi va 28 nafar asirdan 4 nafarining jasadini topshirdi. 26-yanvar kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridan garovga olinganlar ro‘yxatida bo‘lgan so‘nggi isroillikning jasadini qaytardi.
G‘azo bo‘yicha kelishuvning ikkinchi bosqichi HAMAS harakatini qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarini anklavdan olib chiqish, u yerda xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlarni joylashtirish, shuningdek, sektorni boshqarish tuzilmalari, jumladan, Tinchlik kengashini ishga tushirishni nazarda tutadi.








