Daryo

Rossiya Xitoyga oltin eksportini 800 foizga oshirdi

Yakunlangan 2025-yilda Rossiyada oltin qazib olish 4,5 foizga oshib, 345 tonnaga yetgan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 330 tonnani tashkil qilgandi.

1 daqiqa o‘qish12 646 ko‘rishlar0 izoh4

Yakunlangan 2025-yilda Xitoy Rossiyadan oltin importini 800 foizga oshirib, 25,3 tonnaga yetkazdi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligi Xitoy bojxona xizmati ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Rossiya Xitoyga oltin yetkazib beruvchilar orasida yettinchi o‘rinni egallagan. Pekinning bu boradagi asosiy ta’minotchisi Shveysariya bo‘lib, u Xitoyga 25,73 milliard dollarlik oltin sotgan. Keyingi pog‘onalarni Kanada (11,06 mlrd), JAR (9,42 mlrd), Avstraliya (8,77 mlrd) va Qirg‘iziston (4,95 mlrd) band etgan.

Xitoy oltin bozorining eng yirik xaridori hisoblanadi. U savdo urushlari va global beqarorlik fonida ushbu qimmatbaho metall importini keskin oshirgan. Fransiyada joylashgan Societe Generale moliya instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat jami hisobda 250 tonna oltin sotib olgan. Bu butun dunyo markaziy banklari tomonidan amalga oshirilgan barcha xaridlarining uchdan bir qismidan ham ko‘pdir.

“Texnologii doveriya” konsalting kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada 2025-yilda oltin qazib olish 4,5 foizga oshib, 345 tonnaga yetgan. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 330 tonnani tashkil qilgan.

Rossiyaning “Blagodatnoye” oltin koni
Foto: Mining Technology

Biroq Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon rus oltinini xorijga eksport qilish keskin kamaygan. 2022-yili mamlakat 261 tonna oltin sotgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 158 tonnagacha tushib ketgan. Boshqacha aytganda, eksport miqdori 40 foizga qisqargan.

Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-2025-yillar davomida Milliy farovonlik jamg‘armasidagi oltin hajmi 71 foizga kamaygan. Bunga mablag‘larning “byudjetdagi teshiklarni yamash” uchun foydalanilgani, boshqacha aytganda, muttasil oshib borayotgan harbiy xarajatlar sabab bo‘lgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar