Ukrainaning oltinchi prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 25-yanvar kuni, 48 yoshni qarshiladi. Uning hayoti keskin burilishlarga boy bo‘ldi. Diplomat yoki chegarachi bo‘lishni orzu qilgan o‘smir urush sharoitida mamlakatni boshqarayotgan yetakchiga aylandi. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini davrida Zelenskiyga xorijdan boshpana va qochish taklifi berildi. Ammo siyosatchi vatani va xalqini himoya qilishni tanlab, dunyo qahramoniga aylandi.
Bolaligi va oilasi
Vladimir Zelenskiy 1978-yil 25-yanvarda o‘sha paytdagi Ukraina SSRning janubi-sharqidagi sanoat shahri — Krivoy Rogda tug‘ilgan. Uning otasi Krivoy Rog iqtisodiyot institutida kibernetika va kompyuter texnikasi bo‘yicha ilmiy bo‘limga rahbarlik qilgan, onasi esa muhandis bo‘lgan.
“Dadam xuddi men kabi o‘ta talabchan va prinsipial inson: u shogirdlaridan hech narsa olmasdi, hatto bir quti shokoladni ham qabul qilmagan. Onam butun umri davomida muhandis bo‘lib ishlagan”, degan edi Zelenskiy 2018-yilda bergan intervyusida.
Zelenskiyning bobosi Semyon Zelenskiy Ikkinchi jahon urushi davrida Qizil Armiya safida, 57-gvardiya motorli o‘qchilar diviziyasida polkovnik bo‘lib xizmat qilgan. Uning katta bobosi va uch nafar katta amakisi natsistlar lagerlarida halok bo‘lgan.
Mo‘g‘ulistonda yashagan, Isroilda o‘qishga grant yutgan
Bolaligida Zelenskiy to‘rt yil Mo‘g‘ulistonning Erdenet shahrida yashagan. Bu davrda otasi yirik sanoat loyihalarida ishlagan.
“Biz uzoq yillar Mo‘g‘ulistonda yashaganmiz: men u yerda to‘rt yil yashaganman, otam esa 20 yil. Shu sababli otamni deyarli ko‘rmasdim — u Sovet Ittifoqidagi eng kuchli mutaxassislardan biri bo‘lib, aslida yirik kon-boyitish kombinatini qurish bilan shug‘ullangan”, degandi u.
Zelenskiy maktabda faol, sho‘x va ba’zan mushtlashuvga moyil bola sifatida tanilgan. Fortepiano chalgan, sport bilan shug‘ullangan, biroq ayrim fanlarga, xususan kimyoga qiziqmagan.
“Men juda faol edim, hamma joyga ulgurishim va hamma narsani bilishim kerak edi. Musiqa maktabida fortepiano bo‘yicha o‘qisam ham, ko‘pincha sho‘x bola, hatto urishqoq sifatida tanilgandim. Bolalikda siz odatda haqligingizni muzokaralar va ishontirish bilan emas, balki mushtlaringiz bilan isbotlaysiz”, degan Zelenskiy intervyularidan birida.
U bolaligidan o‘zini jiddiy kasb egalari qatorida tasavvur qilgan. Maktab yillarida diplomat yoki chegarachi bo‘lishni orzu qilgan. 16 yoshida esa ingliz tilidan imtihon topshirib, Isroilda o‘qish uchun grant yutgan, biroq otasi uning xorijga chiqishiga qarshi bo‘lgan. Keyinchalik u 2000-yil otasi ishlagan Krivoy Rog iqtisodiyot institutining “Huquqshunoslik” fakultetini tamomlagan.
“Huquqshunoslik” fakultetiga o‘qishga kirayotganimda, otam hech kim uni mening o‘qishimga ta’sir o‘tkazgan deb o‘ylamasligi uchun mamlakatdan ketgan... Diplomat bo‘lish orzum edi. Xalqaro muzokaralar meni qiziqtirardi, bularning barchasi menga juda yoqardi. Men ingliz tilini o‘rgandim va ingliz tili chuqurlashtirib o‘qitiladigan maxsus maktabni tugatgandim, deya xotirlagan Zelenskiy.
U maktab davridayoq ma’lum bir uslubga amal qilgan, unga va do‘stlariga bu borada The Beatles guruhi ilhom bergan. Zelenskiy o‘sha yillarni shunday eslaydi:
“Bizni uzoqdan ham tanish mumkin edi: oq ko‘ylaklar, goroshkali galstuklar, dazmollangan keng shimlar, kamarlar, katakli pidjak va ajralmas atribut — soch turmagi! Orqaga taralgan va juda ko‘p gel surilgan uzun sochlar”.
17 yoshida Zelenskiy KVN sahnasiga chiqib, keyinchalik mashhur “Kvartal 95” loyihasiga asos solgan. Ijodiy faoliyati sabab u olti yil davomida Moskvada yashagan, ammo buni iliq xotiralar bilan yodga olmagan.
“Olti yil yashagan, ishlagan bo‘lsam ham Moskvani nega yomon ko‘rardim? Chunki eshik qoqsang, ochishmaydi. Gap shunchaki qo‘shni haqida emas — bu hamma joyda shunday. Bu hayot tarziga aylangan”, degan edi u.
Zelenskiy 2000-yillardan boshlab Ukraina televideniyesidagi eng mashhur shaxslardan biriga aylangan. 2003-yilda u sakkiz yil davomida gaplashgan maktabdagi sinfdoshi Yelena Kiyashko bilan oila qurgan. Ularning hozirda ikki nafar farzandi bor: qizi Aleksandra (2004) va o‘g‘li Kirilo (2013).
Ukrainaning eng yosh prezidenti
2019-yilning 20-may kuni Vladimir Zelenskiyning hayoti tubdan o‘zgardi. U 41 yoshida Ukraina xalqi oldida qasamyod qabul qilib, mamlakat tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Zelenskiy uchun keyingi yillar ketma-ket sinovlar davriga aylandi: COVID-19 pandemiyasi, 2022-yilda boshlangan va hozirgacha davom etayotgan Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini, murakkab xalqaro muzokaralar va urush sharoitidagi boshqaruv.
2022-yilda Time jurnali uni dunyoning eng nufuzli shaxslari qatoriga kiritdi. 2022-yilda Zelenskiy Politico nashrining Yevropadagi eng nufuzli odamlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Ovoz berganlar Ukraina prezidentini “tinchlik, demokratiya va halollik”ka intilayotgan “umid mayog‘i” deb ta’rifladi.
Evakuatsiya takliflari va rad javobi
Rossiya bosqinining ilk kunlarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning yordamchilari ehtimoliy evakuatsiya uchun favqulodda poyezdni tayyorlab turgan. Biroq Zelenskiy undan hech qachon foydalanmagan. Uni shahar chetidagi bunkerlarga ko‘chirish, hatto hukumat qarorgohini Polsha chegarasiga yaqin hududga o‘tkazish takliflari ham bo‘lgan.
Ukraina razvedkasidagi ayrim yuqori va o‘rta bo‘g‘in zobitlari yuklarini yig‘ishtirib, “qarshilik befoyda, ruslar bizni mag‘lub etadi, degan fikrlarni bildirgan. G‘arb ittifoqchilari, jumladan, o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Jo Bayden ham Zelenskiyga xorijda muvaqqat hukumat tuzishda yordam berish imkoniyatini muhokama qilgan. Siyosatchi bu taklifni rad etib, xalqini va vatanini himoya qilishni tanladi. U bu qarorini “urush paytida prezident qilishi lozim bo‘lgan ish” deb izohlagan.








