Marokash mezbonlik qilgan Afrika Millatlar Kubogi musobaqasidan so‘ng FIFA milliy terma jamoalar reytingi yangilanganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1462,03 ochko bilan 52-o‘rinni egalladi. “Oq bo‘rilar” avvalgi oydagi o‘rniga nisbatan ikki pog‘ona pastladi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa yanvar oyida yig‘in o‘tkazmagani sababli jamg‘arilgan ochkolar sonida o‘zgarish kuzatilmadi.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning eng kuchli besh jamoasi qatorida qolmoqda. Undan yuqori o‘rinlarda Yaponiya (1650,12), Eron (1617,02), Janubiy Koreya (1599,45) va Avstraliya (1574,01) joylashgan.
“Oq bo‘rilar”ning 2026-yilgi Jahon chempionati “K” guruhidagi raqiblaridan Portugaliya 1760,38 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda, Kolumbiya (1701,30) esa 14-pog‘onada qayd etilgan. Ehtimoliy raqiblar orasida eng yaxshi natija Kongo Demokratik Respublikasiga tegishli bo‘lib, jamoa 1468,22 ochko bilan 48-o‘rinni egallab turibdi. Shuningdek, Yamayka (1362,46) 70-o‘rinda, Yangi Kaledoniya esa 1042,62 ochko bilan 150-pog‘onada qolgan.
Ma’lumot uchun, hozirda FIFA reytingida Ispaniya yetakchilik qilmoqda. Amaldagi Yevropa chempionlari hisobida 1877,18 ochko mavjud. Amaldagi Jahon chempioni Argentina 1873,33 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda, kuchli uchlikni esa Fransiya (1870 ochko) yakunlab bermoqda.
Afrika Millatlar Kubogi g‘olibi Senegal terma jamoasi 1706,83 ochko bilan 13-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, vitse-chempion Marokash uch pog‘ona yuqorilab, 1736,57 ochko bilan 8-o‘rinda qayd etildi.








