Bolgariya prezidenti Rumen Radev 20-yanvar kuni isteʻfoga chiqishini eʻlon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Radev 2016-yilda prezident etib saylangan, 2021-yilda esa ikkinchi muddatga qayta saylangandi. Uning prezidentlik muddati 2027-yilda yakunlanishi kerak edi. Radev Bolgariyaning yevro hududiga qo‘shilishi masalasiga nisbatan shubhali munosabati, shuningdek Ukrainadagi urush bo‘yicha Kremlga yaqin pozitsiyasi bilan tanilgan.
Uning iste’fosi Bolgariyada dekabr oyida boshlangan norozilik to‘lqini fonida bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishlarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar sabab bo‘lgandi. Ulardan birida hukmron koalitsiya deputatlari atigi 26 soniyada “Lukoyl”ning mahalliy aktivlariga taalluqli qonunni qabul qilgan. Boshqa rolikda esa tushlik paytida o‘tkazilgan bahsli byudjet loyihasi bo‘yicha ovoz berish aks etgan.
Hukumat tomonidan taklif etilgan yangi byudjet loyihasi Bolgariyaning davlat qarzini sezilarli darajada oshirishni nazarda tutmoqda. Unga ko‘ra, byudjet xarajatlari YIMning 45 foizini tashkil etadi. Oldingi yillarda bu ko‘rsatkich taxminan 40 foiz atrofida bo‘lgan.
Bolgariyada davlat qarzining YIMga nisbati Yevropa Ittifoqida eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishiga qaramay, norozilik bildirayotganlar qo‘shimcha qarzlar mablag‘larning adolatsiz taqsimlanishiga olib kelishidan xavotirda. Ularning fikricha, bu pullar byurokratiya foydasiga yo‘naltirilishi, biznes rivojiga to‘sqinlik qilishi va asosiy sohalarning yetarlicha moliyalashtirilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.
11-dekabr kuni norozilik namoyishlari fonida Bolgariya bosh vaziri Rosen Jelyazkov iste’foga chiqqan edi. Bolgariya vitse-prezident Ilyana Yotova noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qadar prezident vazifasini bajarishi kutilmoqda.
6,4 million aholiga ega Bolgariya 2007-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan. Mamlakat 21-a’zo sifatida 1-yanvar kuni o‘zining milliy valyutasi levdan yevroga o‘tdi. Hukumat inqirozi bu jarayonga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha aniq emas.








