Afrika Millatlar Kubogi final uchrashuvi yakuniga yetdi. Hal qiluvchi bahsda Senegal va Marokash terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv Marokash poytaxti Rabat shahridagi “Shahzoda Moulay Abdallah” stadionida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Senegal 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovringa ega chiqdi.
O‘yinning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. 90+24-daqiqada Marokash penaltida gol urib, g‘alaba qozonishi mumkin edi, ammo Braim Dias 11 metrlik jarim zarbasini aniq amalga oshira olmadi. Qo‘shimcha bo‘limlarda esa Senegal terma jamoasi gol urishni uddaladi. 94-daqiqada Pape Geye tomonidan kiritilgan gol o‘yin taqdirini hal qildi. Yakuniy hisob — 1:0.
Shu tariqa Senegal Afrika Millatlar Kubogidagi ikkinchi chempionligini rasmiylashtirdi. Bunga qadar jamoa 2021-yilda Kamerunda o‘tkazilgan turnir finalida Misrni penaltilar seriyasida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
Afrika Millatlar Kubogi
Final
Senegal — Marokash 1:0
Gol: 1:0 — Geye (94)








