Daryo

“Suveren O‘zbekistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi” — Aleksandr Dugin

“Rus dunyosi” (Russkiy mir)mafkurasining me’morlaridan biri sifatida ko‘rilgan siyosiy faylasuf Markaziy Osiyo hamda Kavkaz davlatlarining suverenitetini inkor qilib, ularni Rossiya boshchiligidagi “yagona ittifoq” tarkibiga qo‘shishga chaqirdi.

3 daqiqa o‘qish24 284 ko‘rishlar2 izoh21

“Rus dunyosi” (Russkiy mir) mafkurasining asosiy me’mori hamda Kremlga yaqin faylasuf sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari suverenitetini inkor qildi. Uning fikricha, bu respublikalarni Rossiya “nazoratga olishi kerak”.

“Suveren Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligini qabul qilib bo‘lmaydi. Yangi voqelik modelida hech qanday suverenitetga o‘rin yo‘q. Ular yoki bizning lagerimizda, Yagona ittifoqimiz tarkibida bo‘ladi yoki G‘arb, Yevropa Ittifoqi, Amerika uchun, ayrim holatlarda esa Xitoy uchun tayanch maydonga aylanadi”, degan u.

​Bundan tashqari, Dugin “uch qutbli dunyo” haqidagi qarashlarini takrorlab, Rossiyani AQSH hamda Xitoy qatorida sanadi. Faylasuf Moskva bunday sharoitda eng muhim kuch markazlaridan biriga aylanishi uchun Markaziy Osiyo hamda Kavkaz davlatlarini nazorat qilishi kerakligini ta’kidladi.

“Bizning maqsadimiz uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markazlaridan biriga aylanish: suveren, erkin, mustaqil va ulkan davlat bo‘lish. Biz nazoratga olmagan barcha hududlar neytral bo‘lib qolmaydi. Ya’ni tinch va osoyishta “Shveysariyalar”ga aylanmaydi. Aksincha, ular boshqa qutblarning, eng avvalo AQSH boshchiligidagi yanada mojaroli qutbning tayanch nuqtasiga aylanadi”, degan u.

Dugin o‘zi kim?

Kreml siyosati uchun ilhomlantiruvchi manba, “Rus dunyosi” mafkurasining me’morlaridan biri sifatida ko‘rilgan siyosiy faylasuf va publitsist Aleksandr Dugin o‘zining bahsli bayonotlari bilan mashhur. U liberal G‘arb modeliga qarshi “yevrosiyochilik sivilizatsiyasi” g‘oyasini ilgari surib keladi. Ushbu mafkuraga ko‘ra, Rossiya Yevropa ham, Osiyo ham emas, balki alohida tarixiy-sivilizatsion makon bo‘lib, o‘z atrofida boshqa hududlarni birlashtirishi lozim.

Faylasuf rasmiy davlat lavozimida ishlamasa-da, ko‘plab tahlilchilar uning fikr-mulohazalari Kremlning geosiyosiy qarorlarida aks etishini ta’kidlab keladi. Foreign Policy jurnali 2014-yili uni dunyoning eng kuchli ta’sirga ega 100 mutafakkiri qatoriga qo‘shgan.

O‘zining imperialistlik fikrlari, davlatlar suverenitetini inkor qilishi va agressiv ritorikasi sabab u tanqidlar markazida bo‘ladi. “Yevrosiyochilik sivilizatsiyasi” konsepsiyasi esa Rossiyani alohida va ustun tarixiy makon deb tasvirlaydi. Uning ta’siridagi boshqa xalqlar va davlatlar ikkinchi darajali subyektlar sifatida ta’riflanadi. 2022-yilning 20-avgust kuni uning mashinasi portlatib yuborilishi natijasida 29 yoshli qizi Darya Dugina halok bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, suiqasd Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan, nishonda esa faylasufning o‘zi bo‘lgan.

Bu birinchi holat emas

Aleksandr Dugin O‘zbekiston suverenitetini savol ostiga olgan yagona taniqli shaxs emas. Avvalroq teleboshlovchi va targ‘ibotchi Vladimir Solovyov Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonda ham Ukrainadagi kabi “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazish mumkinligini aytgandi. Voqeadan so‘ng RFning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, norozilik notasi topshirildi. O‘zbekiston TIV esa masala yuzasidan sukut saqladi.

Vladimir Solovyov

Solovyovning bayonotlari o‘zbekistonliklar orasida jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqardi. “Yuksalish” umummilliy harakat raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning gaplariga tupurib qo‘yish yetarli ekanini ta’kidladi. Otabek Bakirov uning so‘zlarini qimorbozlardan kaltak yeb, afti majaqlangan mushtumzo‘r alamini tinch ketayotganlardan olayotganga o‘xshatdi.

“Suriya va Venesueladan tepilganlarning propagandachisi mintaqamizga tahdid qilyapti. Bu xuddi qimorbozlardan kaltak yeb, afti majaqlangan mushtumzo‘r o‘z yo‘lida tinch ketayotganlarga dag‘dag‘a qilishiga o‘xshaydi... Bu moxovlar uch kun qor yog‘gandi, qorini kuray olishmay yotishibdi. Dag‘dag‘asiga o‘lasanmi? O‘zing har yili million urug‘ing qurib axlatingga botayotgan bo‘lsang, har yili 2 millionga o‘sayotgan 85 millionlik Markaziy Osiyoga do‘q urishingga balo bormi?”, dedi u.

​Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Solovyovning tahdidli bayonotlari yuzasidan munosabat bildirib, Armaniston va Markaziy Osiyo haqidagi so‘zlar uning shaxsiy fikri ekanini aytdi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar