“Manchester Siti” APL 22-turi doirasida “Manchester Yunayted”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berganidan so‘ng klub rahbariyati va Xosep Gvardiola ishtirokida mavsum yakunida hamkorlik yakunlanishi mumkin bo‘lgan masala muhokama qilinadigan muhim uchrashuv o‘tkaziladi. Bu haqda APL klublari atrofidagi insayd ma’lumotlarni yoritib boruvchi Topskills Sports xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Gvardiolaning kelajagi yaqin oylardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Agar 2025/2026-yilgi mavsum klub rahbariyati kutganidek o‘tmasa, mutaxassisning ketishi real variant sifatida ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, “shaharliklar” Gvardiola jamoani 2026-yil yozida tark etishi ehtimoliga tayyor turish maqsadida italiyalik mutaxassis, “Chelsi” sobiq bosh murabbiyi Enso Mareskaning vakillari bilan allaqachon bog‘langan.
Xabarlarga ko‘ra, Mareska “Man Siti”da ishlashga juda qiziqmoqda va bosh murabbiy lavozimini imkon qadar tezroq egallashga tayyor.
Ma’lumot uchun, Gvardiolaning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakuniga yetadi. Joriy mavsum APLda o‘tkazilgan 22 ta uchrashuvdan so‘ng “shaharliklar” 43 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Peshqadam “Arsenal” hisobida 50 ochko mavjud.
Shuningdek, “Manchester Siti” UEFA Chempionlar Ligasida 6-turdan so‘ng 4-o‘rinda bormoqda. Jamoa 13 ochkoga ega.








