Daryo

“Tahdidlar Erondagi beqarorlikni kuchaytirmoqda” — BMT rasmiysi

Xalqaro tashkilotda Tehron bo‘yicha Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda BMT rasmiysi Trampning harbiy aralashuv haqidagi so‘zlarini qoraladi. Vashington elchisi esa tahdid hamon o‘z kuchida ekanini aytdi.

2 daqiqa o‘qish3 305 ko‘rishlar0 izoh3

BMTning yuqori martabali mulozimi 15-yanvardagi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida, AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan harbiy harakatlar haqidagi tahdidlar norozilik namoyishlari iskanjasida qolgan Erondagi beqarorlikni kuchaytirayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

So‘nggi bir necha haftalar ichida Eron Islom Respublikasi tarixidagi eng yirik hukumatga qarshi namoyishlaridan biri sodir bo‘lmoqda. Garchi hukumat tomonidan qo‘llanilgan repressiyalar va bir haftalik internet cheklovi ortidan namoyishlar to‘lqini biroz pasaygan bo‘lsa-da, tahdid hamon saqlanib qolmoqda. 

AQSH ma’muriyati Tehron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishni davom ettirsa, xususan, tartibsizliklarda hibsga olinganlarga nisbatan osish jazosini qo‘llasa, harbiy chora ko‘rish bilan tahdid qilayotgandi. Ammo keyinchalik Saudiya, Ummon va Qatar rasmiylari Trampni harbiy harakatga o‘tishdan voz kechishga ko‘ndirgani xabar qilindi. Vashingtonning BMTdagi elchisi 15-yanvar kuni hali hamon barcha variantlar amalga oshishi mumkinligini aytdi.



BMT bosh kotibining yordamchisi Marta Pobi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida xavotir bilan shunday dedi:

“Eronga ehtimoliy harbiy zarbalar berish haqidagi turli ochiq bayonotlarni xavotir bilan kuzatmoqdamiz. Ushbu tashqi omil allaqachon tarang vaziyatga yanada beqarorlik qo‘shmoqda. Vaziyat yomonlashishining oldini olish uchun barcha choralar ko‘rilishi shart”.

Eronning BMTdagi vakili G‘ulomhusayn Darziy Vashingtonni tinch namoyishlardan geosiyosiy maqsadlarda foydalanishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning bayonotlari Eronda tartibsizliklarni qayta alanga oldirishga qaratilgan. O‘z navbatida, AQSHning BMTdagi elchisi Mayk Vals Vashington Eronning jasur xalqi bilan birga ekanini bildirdi.

“Eron rejimining o‘z fuqarolariga nisbatan qo‘llayotgan repressiya darajasi xalqaro tinchlik va xavfsizlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Vals.

Vashington taklifi bilan Xavfsizlik kengashida nutq so‘zlagan asli eronlik bo‘lgan amerikalik jurnalist Masih Alinajod barcha eronliklar diniy tizimga qarshi birlashganini aytdi.

“Millionlab eronliklar o‘z pullari o‘g‘irlanishi hamda HAMAS, ‘Hizbulloh’ va husiylarga yuborilishini to‘xtatishni talab qilib, ko‘chalarga chiqdi”, dedi u Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarga ishora qilib.

Alinajodning ta’kidlashicha, eronliklar Trampning xavfsizlik kuchlari tomonidan nishonga olinayotgan qurolsiz odamlarni qutqarish haqidagi taklifini mamnuniyat bilan qarshi olgan. Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilning oktyabr oyida AQSH sudi Masih Alinajodga qarshi Tehron tomonidan uyushtirilgan suiqasd fitnasida ayblangan ikki kishini 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar