Kanada bosh vaziri Mark Karni Pekinda bo‘lib, Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kanadaliklar yetakchisi ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik davri boshlanganini e’lon qildi. U, shuningdek, Xitoyning harakatlarini bashorat qilish AQSHdan ko‘ra osonroqligini ham ta’kidladi.
Karniga ko‘ra, tobora mustahkamlanib borayotgan munosabatlar har ikkala mamlakat uchun “tarixiy yutuqlar” olib kelishi mumkin. Kanada bosh vaziri Pekinga Qo‘shma Shtatlar bilan savdo munosabatlari taranglashgan bir vaqtda bordi. Xitoy mamlakatning AQSHdan so‘ng ikkinchi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi.
Kanada bosh vaziri xitoylik hamkasbiga murojaat qilib, hamkorlik aloqalarining qutblanish kuchayib borayotgan bir vaqtda rivojlanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika mahsulotlari va moliya kabi sohalarga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, tomonlar savdo kelishuviga erishilganini ma’lum qildi. Karniga ko‘ra, Xitoy Kanadadan import qilinadigan kanola urug‘iga qo‘yilgan bojxona ta’riflarini 84 foizdan 15 foizgacha tushiradi. Kanada esa Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga 100 foizlik ta’riflarni yumshatib, qariyb 50 ming mashinani 6,1 foiz boj bilan olib kirishga rozilik berdi.
Mark Karni 2017-yildan beri Xitoyga tashrif buyurgan ilk Kanada bosh vaziri hisoblanadi. Ikki davlat munosabatlari Huawei moliyaviy direktori Men Vanjou Vankuverda hibsga olingan 2018-yildan so‘ng keskinlashgan. Bu o‘zaro hibslar, bojlar va inson huquqlari buzilishi bo‘yicha ayblovlarni ergashtirib kelgandi.








