Daryo

Avtomobil ishqibozlari intizorlik bilan kutayotgan yo‘ltanlamas elektromobillar (foto)

Jaguar Land Rover (JLR) kompaniyasi joriy yilda yangi elektr Range Rover’ni taqdim etadi. Ushbu model 2018-yilda chiqarilgan Jaguar I-Pace’dan keyin kompaniyaning ikkinchi to‘liq elektromobil modeli bo‘ladi.

4 daqiqa o‘qish10 858 ko‘rishlar0 izoh2

So‘nggi yillarda yo‘ltanlamas avtomobillar (SUV) xalqaro bozorda tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Bunga bir nechta sabab bor: ular ko‘pincha boshqa turdagi avtomobillarga nisbatan qulayroq, balandroq o‘rindiq tufayli haydash osonroq va kundalik foydalanishda universal hisoblanadi.

Quyida yaqin yillarda taqdim etilishi yoki sotuvga chiqishi kutilayotgan eng qiziqarli yo‘ltanlamas elektromobillar haqida ma’lumot beramiz.

Alpine A390

Foto: MSN

Alpine A390 fransuz sportkar ishlab chiqaruvchisi Alpine’ning ilk yo‘ltanlamas elektromobili bo‘lib, yilning eng kutilayotgan EV modellaridan biridir. Model uch elektromotorli uzatma tizimiga ega bo‘lib, umumiy quvvati 464 ot kuchini tashkil etadi. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bu konfiguratsiya avtomobilga o‘z o‘lchamlariga nisbatan ancha yengil va chaqqon harakatlanishini ta’minlaydi.

Alpine A390’ning taxminiy narxi 68 ming yevro atrofida (80 ming AQSh dollari) bo‘lishi kutilmoqda.

Kia EV9 GT

Foto: MSN

Kia EV9 GT yetti o‘rindiqli elektromobillar orasida eng tezkor modellardan biri bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda. 502 ot kuchiga ega ushbu avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 4,6 soniyada chiqadi. Bu ko‘rsatkich tufayli u BMW iX va Porsche Macan’ning ayrim versiyalari bilan raqobatlasha oladi.

EV9 GT keng salonga ega. Hozircha undan tezroq bo‘lgan yetti o‘rindiqli modellar qatorida Audi SQ7 (4,1 soniya) va Tesla Model X Plaid (2,5 soniya) bor.

BMW iX3

Foto: MSN

BMW iX3 brendning yangilangan dizaynga ega modeli dunyodagi eng uzoq masofaga yuruvchi elektromobillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. BMW ma’lumotiga ko‘ra, 108 kVt/soat quvvatga ega akkumulyator o‘rnatilgan ayrim versiyalar 500 milgacha (800 km ga yaqin) masofani bosib o‘ta oladi.

iX3 xDrive50 versiyasi 464 ot kuchi va 479 lb-ft aylanish momentiga ega bo‘lib, 0–100 km/soat tezlikka 4,9 soniyada chiqadi. Maksimal tezlik 210 km/soat bilan cheklangan. Shuningdek, ushbu model 43,3 dyuymli ulkan panorama ekranli, yangi avlod iDrive tizimi bilan jihozlanadigan birinchi BMW bo‘ladi.

Range Rover EV

Foto: MSN

Jaguar Land Rover (JLR) kompaniyasi joriy yilda yangi elektr Range Rover’ni taqdim etadi. Ushbu model 2018-yilda chiqarilgan Jaguar I-Pace’dan keyin kompaniyaning ikkinchi to‘liq elektromobili bo‘ladi.

Range Rover EV 118 kVt/soatli akkumulyator va ikki dvigatelli uzatma bilan jihozlanadi. Umumiy quvvati 542 ot kuchi, aylanish momenti esa 627 lb-ft’ni tashkil etadi. Bir zaryadda taxminan 300 mil (480 km) masofani bosib o‘tishi mumkin.

Scout Traveller

Foto: MSN

Scout Traveller Volkswagen qo‘llab-quvvatlayotgan Scout Motors brendining birinchi elektromobillaridan biri bo‘ladi. U klassik International Harvester Scout modeliga asoslangan holda qayta ishlab chiqariladi.

Traveller elektr Land Rover Defender’ga raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, Terra nomli elektr pikap ham ishlab chiqiladi. Elektromobillar 800 voltli elektr tizimiga ega bo‘lib, Volkswagen’ning MEB yoki PPE modellaridan farq qiladi. Akkumulyator va elektron tizimlarni Kanadaning Magna kompaniyasi yetkazib beradi.

Toyota Land Cruiser EV

Foto: MSN

Toyota Tokio avtosalonida Land Cruiser’ning elektr modelini taqdim etib, afsonaviy avtomobilni yangicha talqinda ishlab chiqardi. Land Cruiser Se deb nomlangan ushbu futuristik yo‘ltanlamas uch qator o‘rindiqli salon va butunlay yangi dizaynga ega.

Yangi model oldingi avlodlarning shassisi va klassik ko‘rinishidan voz kechib, yangicha kuzovga o‘tgan. Toyota’ning ta’kidlashicha, bu yechim murakkab yo‘l sharoitlarida yanada qulay boshqarish imkonini beradi.

Bentley EV

Foto: MSN

Bentley’ning ilk elektromobili yaqinda sinov ko‘rinishida taqdim etildi. Model 2026-yilda rasman chiqishi, 2027-yilda esa sotuvga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Yangi Bentley uzunligi 5 metrdan kam bo‘lgan ixcham model bo‘ladi va Bentayga’dan pastroq segmentda bo‘ladi. U texnik jihatdan Porsche Cayenne EV ga o‘xshab ketadi. Ikki dvigatelli, to‘liq uzatmali versiyalar 400 dan 805 ot kuchigacha bo‘lgan quvvatga ega bo‘ladi. Eng qimmat konfiguratsiya 108 kVt/soatli akkumulyator yordamida 600 km gacha masofa bosishi mumkin.

Rivian R2

Foto: MSN

Rivian’ning yangi modellari Shimoliy Amerika bozoriga 2026-yilning birinchi yarmida kirib keladi, keyinroq Yevropada ham sotuvga chiqariladi. Eng arzon model o‘rta o‘lchamli Rivian R2 krossoveri bo‘lib, aynan yevropalik haydovchilar talabi inobatga olinib ishlab chiqiladi.

Tesla Model Y’ga raqobatchi sifatida ko‘rilayotgan R2 avtomobili 300 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘ta oladi.

Toyota bZ4X Touring

Foto: MSN

Toyota bZ4X Touring modeli mashhur bZ4X elektromobilining kengaytirilgan va yo‘ltanlamasga moslashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Model standart elektromobillarga nisbatan 140 mm uzunroq va 20 mm balandroq bo‘lib, tashqi dizayni turli elementlar bilan boyitilgan.

Subaru Trailseeker bilan umumiy e-TNGA platformasiga ega bo‘lgan Touring versiyasi 600 litr hajmga ega. Eng katta quvvatga ega versiya 376 ot kuchiga ega bo‘lib, hozircha Toyota’ning eng kuchli elektromobili hisoblanadi. Bundan tashqari, 221 ot kuchli bir dvigatelli varianti ham ishlab chiqariladi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar