“Aston Villa” bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Unai Emeri Angliya Premyer Ligasining 2025-yil dekabr oyidagi eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etildi.
Dekabr oyida “Aston Villa” APL doirasida 6 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 5 tasida g‘alaba qozondi. Birmingem klubi “Brayton” (4:3), “Arsenal” (2:1), “Vest Hem” (3:2), “Manchester Yunayted” (2:1) va “Chelsi” (2:1) ustidan zafar quchdi. Jamoa faqatgina “Arsenal”ga qarshi safar uchrashuvida 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Ushbu sovrin uchun Mikel Arteta (“Arsenal”), Pep Gvardiola (“Manchester Siti”) va Daniel Farke (“Lids Yunayted”) ham da’vogarlik qilgan edi.
Ma’lumot uchun, “Aston Villa” hozirda APL turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi va chempionlik uchun kurash olib bormoqda. Bu mukofot Emeri uchun 2023-yildan buyon qo‘lga kiritilgan ilk sovrin bo‘lib, mutaxassis o‘sha yilning aprel va dekabr oylarida ham eng yaxshi murabbiy deb topilgan edi.
Shuningdek, “Lids Yunayted” hujumchisi Dominik Kalvert-Lyuin APLda 2025-yil dekabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Dekabr oyida Kalvert-Lyuin 5 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol muallifiga aylandi. U “Chelsi” va “Kristal Pelas”ga qarshi bahslarda g‘alabali gollarni urgan bo‘lsa, “Brentford”, “Sanderlend” hamda “Liverpul”ga qarshi uchrashuvlarda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Mazkur mukofot uchun Erling Holand (“Manchester Siti”), Olli Uotkins (“Aston Villa”) va Ugo Ekitike (“Liverpul”) ham da’vogar bo‘lgan.
Hozirda Kalvert-Lyuin APL to‘purarlar ro‘yxatida 10 ta gol bilan Antuan Semenyo (“Manchester Siti”) bilan birga uchinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. U faqat Erling Holand (“Manchester Siti”, 20 ta gol) va Igor Tiagodan (“Brentford”, 16 ta gol) ortda qolmoqda.








