Xalqaro kosmik stansiya (XKS)da faoliyat yuritayotgan to‘rt nafar fazogir 14-yanvar kuni SpaceX kapsulasida stansiyani muddatidan avval tark etdi. Bunga ekipaj a’zolaridan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Bu NASA tarixida tibbiy favqulodda holat tufayli koinot missiyasining muddatidan avval to‘xtatilishiga oid birinchi holatdir. Agentlik shaxsiy daxlsizlik nuqtayi nazaridan to‘rt nafar fazogirdan aynan kimning sog‘lig‘ida muammo yuzaga kelganini ochiqlamadi. NASA rasmiysi Rob Naviasning so‘zlariga ko‘ra, betob bo‘lib qolgan ekipaj a’zosi hozirda barqaror holatda.
Endeavor deb nomlangan Crew Dragon kapsulasi AQSH vaqti bilan soat 17:20 da (Toshkent vaqti bilan 15-yanvar tongida) XKSdan ajraldi va Yerga qaytish orbitasiga chiqdi. Taxminan 11 soatlik parvozdan so‘ng kapsula Kaliforniya sohillari yaqinida Tinch okeaniga qo‘nishi kutilmoqda. NASA translyatsiyasida ekipaj a’zolari o‘z o‘rindiqlarida yonma-yon o‘tirgan holda stansiyani tark etayotgani ko‘ringan.
Kapsula bortida kimlar bor?
SpaceX Crew-11 missiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
- Zena Kardman (38 yosh, AQSH)
- Mayk Finke (58 yosh, AQSH)
- Kimiya Yui (55 yosh, Yaponiya)
- Oleg Platonov (39 yosh, Rossiya).
Ushbu ekipaj koinotga 2025-yilning avgustida uchirilgan va 2026-yil fevral o‘rtalariga qadar stansiyada qolishi rejalashtirilgan edi. Kema mutaxassisi, iste’fodagi polkovnik Mayk Finke hamma xavfsiz ekanini ta’kidladi:
“Avvalo, hammamiz yaxshimiz. Bortdagilarning barchasi barqaror holatda va nazorat ostida. Bu qaror barcha diagnostika imkoniyatlari mavjud bo‘lgan Yer sharoitida to‘liq tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun qabul qilindi. Bu biroz achinarli bo‘lsa-da, eng to‘g‘ri qarordir”, dedi Finke.
NASA bosh tibbiy xodimi Jeyms Polk qaror “davomiy xavf” va “tashxis borasidagi noaniqlik” sababli qabul qilinganini bildirdi. O‘tgan haftada Zena Kardman koinot stansiyasi tashqarisida uskunalar o‘rnatish uchun olti soatlik ochiq koinot sayriga chiqishi kerak edi. Biroq 7-yanvar kuni “tibbiy xavotir” tufayli bekor qilingan. Polkning aniqlik kiritishicha, bu holat stansiyadagi ish jarayonida olingan jarohat bilan bog‘liq emas.
Koinot stansiyasidan har uch yilda bir marta tibbiy evakuatsiya amalga oshirilishi prognoz qilinar edi. Biroq NASA o‘zining 65 yillik parvozlari davomida hali biror marta bunday holatga duch kelmagandi.
Sovet ittifoqi kosmonavtlari esa bunday vaziyatlarni boshdan kechirgan. 1985-yilda Vladimir Vasyutin “Salyut 7” stansiyasida jiddiy infeksiya yoki shunga o‘xshash kasallikka chalingani sababli Yerga muddatidan oldin qaytishga majbur bo‘lgan edi. Shuningdek, yana bir necha sovet kosmonavtlari yengilroq sog‘liq muammolari tufayli parvozlarini qisqartirgan.








