Daryo

VAR, aqlli to‘p va golni aniqlash tizimi — futbolda texnologiyalar davri

Angliya Liga Kubogining yarim final uchrashuvlarida VAR tekshiruvidan so‘ng bir xil vaziyat uchun ikki xil qaror qabul qilindi. Aslida bu tizim hakamlarning adolatli qaror qabul qilishi uchun joriy etilgan. Ushbu holat futbolga tatbiq etilgan texnologiyalar hakamlarga yordam berishi, ammo oxirgi so‘z va hal qiluvchi qaror baribir inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

7 daqiqa o‘qish2 824 ko‘rishlar0 izoh0

Sportda texnologiyalardan foydalanish sur’ati tobora ortib bormoqda. Biroq Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi — FIFA boshqa sport turlarida allaqachon joriy etilgan ayrim texnologiyalarni qabul qilishda nisbatan sust bo‘ldi. Chunki futbolda joriy etilgan texnologiyalar boshqa sport turlarida allaqachon mavjud edi. VAR, golni aniqlash tizimi, yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasi kabi ilg‘or vositalar o‘yinlarda adolatli qaror chiqarish uchun yordam beradi.

Angliya Liga Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Nyukasl” — “Manchester Siti” hamda “Chelsi” — “Arsenal” uchrashuvida bir xil vaziyat uchun turlicha qarorlar qabul qilindi. Ya’ni burchakdan uzatilgan to‘pni futbolchi darvozaga yo‘lladi. Undan oldinroqda — ofsaydda turgan jamoadosh futbolchi esa raqib himoyachisini ushlab olgani uchun “Manchester Siti”ning goli bekor qilindi, “Arsenal”ning goli esa hisobga olindi.

Bu holat shuni ko‘rsatadiki, texnologiyalar hakamlarga yordam berishi mumkin, lekin oxirgi so‘z va hal qiluvchi qaror baribir inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

VAR — video yordamchi hakam

FIFA ilk bor VAR (Video Assistant Referee) texnologiyasini 2018-yilda Rossiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida qoʻlladi. Bu qaror undan avvalgi bir necha yil davomida oʻtkazilgan muvaffaqiyatli sinovlardan soʻng qabul qilindi. VAR orqali toʻrtta holat koʻrib chiqilishi mumkin:

  • gol epizodlari,
  • penalti qarorlari,
  • qizil kartochka bilan bogʻliq vaziyatlar,
  • kartochka berishda shaxsni adashtirish holatlari.
Foto: “FIFA.com”

Video yordamchi hakam epizodlarni qayta koʻrib chiqadi va agar yaqqol xato aniqlansa, bu haqda simsiz aloqa orqali bosh hakamga (eshitish qurilmasi orqali) xabar beradi. Ushbu tizim joriy etilganda bu jarayon uchun koʻp vaqt sarflanar edi, biroq oʻyinlarning translyatsiya sifati ortishi va foydalaniladigan kameralar soni koʻpaya borgani sari tizim ham takomillashib bordi.

2018-yilda VAR futbol qoidalariga rasman kiritildi. Bu qaror futbol qoidalarini belgilovchi organ — Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) tomonidan tasdiqlandi.

IFAB 1886-yilda xalqaro musobaqalar uchun yagona va standart qoidalarni joriy etish maqsadida tashkil etilgan. 1904-yilda FIFA tashkil etilganidan buyon IFABʼning oʻyin qoidalari ustidan yurisdiksiyasini rasman tan olgan.

U FIFAʼdan alohida mustaqil tashkilot hisoblanadi, biroq FIFA kengash tarkibida vakillikka ega boʻlib, ovozlarning 50 foiziga egalik qiladi. IFABʼga asos solgan futbol assotsiatsiyalari — Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uels — tashkilotda doimiy oʻrinlarga ega. Oʻyin qoidalariga oʻzgartirish kiritish uchun kamida 75 foiz ovoz bilan qaror qabul qilinishi talab etiladi. Bu esa FIFA roziligi zarur ekanini, biroq u yakka oʻzi qaror qabul qila olmasligini anglatadi.

Yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasi (SAOT)

Yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasi futbol tarixida ilk bor 2022-yil Qatarda boʻlib oʻtgan FIFA Jahon chempionatida qoʻllanildi. Avvalroq u bir qator FIFA turnirlarida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan edi.

Foto: “PremierLeague.com”

Mazkur texnologiya stadion atrofida joylashtirilgan 12 ta kamera orqali ishlaydi. Kameralar toʻp va har bir futbolchining tanasidagi bir nechta nuqtani soniyasiga 50 martagacha kuzata oladi. Bundan tashqari, toʻp ichiga joylashtirilgan sensor signali ham ishlatiladi. Ushbu maʼlumotlar yordamida futbolchilarning maydondagi aniq joylashuvi hisoblab chiqiladi va real vaqt rejimida ofsayd holati bor-yoʻqligi aniqlanadi. Natija VAR hakamlariga yetkaziladi va ular orqali bosh hakam xabardor qilinadi.

Golni aniqlash texnologiyasi

Futbolda golni aniqlash texnologiyasiga ehtiyoj juda katta. Chunki tarixda koʻplab holatlar boʻlganki, televizion takroriy lavhalar hakamning notoʻgʻri qaror chiqarganini koʻrsatgan — yaʼni toʻp darvoza chizigʻidan oʻtgan yoki oʻtmaganiga qaramay, gol hisoblangan yoki bekor qilingan.

Shunga oʻxshash texnologiyalar kriket, tennis va Amerika futbolida muvaffaqiyatli qoʻllanilgan boʻlib, muxlislar tomonidan ijobiy qabul qilingan.

Foto: Sports Illustrated

Golni aniqlash texnologiyasi uchun bir nechta variantlar mavjud. IFAB ushbu tizimni joriy etishdan oldin uning mukammal ishlashiga ishonch hosil qilish maqsadida keng qamrovli sinovlar oʻtkazdi. Jamoasi bunday tizim yoʻqligi sababli gʻalabadan mahrum boʻlgan muxlislar uchun esa bu texnologiya qanchalik tez joriy etilsa, shunchalik yaxshi edi.

Golni aniqlash tizimi quyidagi toʻrtta mezonga javob berishi kerak:

  • texnologiya faqat darvoza chizigʻi bilan bogʻliq qarorlar uchun qoʻllanishi;
  • tizim 100 foiz aniqlikka ega boʻlishi;
  • hakamga yuboriladigan signal bir zumda yetib borishi;
  • signal faqat oʻyin rasmiylariga yetkazilishi.

Ushbu texnologiya uchun uchta asosiy variant koʻrib chiqildi. 2013-yilda FIFA Germaniyaning Cairos kompaniyasiga litsenziya berdi. Shu tariqa Cairos Hawk-Eye va GoalRef tizimlariga qoʻshilib, 2013-yilgi Konfederatsiyalar kubogida sinovdan oʻtkazildi hamda 2014-yilgi Jahon chempionatidan boshlab futbolga toʻliq tatbiq etildi.

“Aqlli toʻp” (Smart Ball) tizimi

Istiqbolli variantlardan biri — ichiga sensor joylashtirilgan “aqlli toʻp” boʻldi. Ushbu texnologiya Germaniyaning Cairos Technologies va Adidas kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Tizim maydon atrofida joylashgan qabul qiluvchilar tarmogʻi orqali toʻpning real vaqtdagi aniq joylashuvini, jumladan, darvoza chizigʻidan toʻliq oʻtgan-oʻtmaganini aniqlaydi. Ushbu maʼlumot bir soniyadan kam vaqt ichida hakam taqib yuradigan soatga uzatiladi.

Foto: “UEFA.com”

Hawk-Eye tizimi

Buyuk Britaniyaning Hawk-Eye kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan tizim eng muvaffaqiyatli sinovlardan oʻtgan va yetakchi variant hisoblanadi. Hawk-Eye avval tennis va kriketda keng qoʻllanilgan. Futbol uchun moʻljallangan versiyasi ham sinovlarda yuqori natija koʻrsatgan.

Foto: “SkySports.com”

Tizim har bir darvoza chizigʻiga qaratilgan uchta kameradan foydalanadi va ular soniyasiga 600 kadr tezlikda tasvirga oladi. Hawk-Eye toʻpning chiziqdan toʻliq oʻtganini aniqlab, yarim soniya ichida markaziy hakamga ovozli signal yuboradi. APLda hakamlar naushnikdan foydalangani sababli signal oson uzatiladi. Boshqa ligalarda esa soat kabi qurilmalar ishlatilishi mumkin.

GoalRef tizimi

GoalRef tizimi Fraunhofer IIS kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, radio chastotali magnit maydonlarga asoslanadi. Tizim ikkita magnit maydondan iborat: biri darvoza hududida (darvozaga oʻrnatilgan gʻaltaklar orqali), ikkinchisi esa toʻp ichiga joylashtirilgan passiv elektron sxema orqali hosil qilinadi.

Maʼlumotlar qayta ishlanib, simsiz tarzda hakamning soatiga uzatiladi. Natija real vaqt rejimida koʻrsatiladi va vibratsion signal orqali ham ogohlantiriladi.

Foto: “AlJazeera.com”

Sinovlar natijasida kamera asosidagi tizimlar (Hawk-Eye kabi) eng maqbul variant deb topildi. 2013-yilda FIFA GoalControl kamera tizimi FIFA Konfederatsiyalar kubogi-2013 musobaqasida qoʻllanilishini eʼlon qildi. Sinov muvaffaqiyatli oʻtdi va ushbu tizim 2014-yilgi FIFA Jahon chempionatida ham ishlatildi.

GoalControl-4D tizimi maydon atrofida joylashtirilgan va har ikkala darvozaga qaratilgan 14 ta yuqori tezlikdagi kameradan foydalanadi. 2013-yilda Angliya futbol assotsiatsiyasi Hawk-Eye tizimi 2013/14-yilgi mavsumidan boshlab APLda qoʻllanilishini maʼlum qildi.

Koʻpik texnologiyasi

Futboldagi yana bir zamonaviy texnologiya — yoʻqolib ketuvchi koʻpik (vanishing spray). U Braziliyada oʻtkazilgan 2014-yilgi Jahon chempionatida keng ommalashdi. Texnologiya ilk bor 2013-yilgi FIFA U-20, U-17 Jahon chempionatlari va Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida sinovdan oʻtkazilgan.

Hakam jarima zarbasi vaqtida ushbu koʻpikni maydonga sepadi. U raqib futbolchilarning toʻpdan qancha masofada turishi kerakligini va zarba beriladigan nuqtani aniq koʻrsatib beradi.

Foto: “FIFA.com”

Balon ichidagi suyuqlik taxminan 80 foiz suv va 20 foiz butan gazidan, shuningdek, oz miqdordagi sirt faol moddalardan iborat. Bosim pasayganda butan kengayib, suv bilan qoplangan mayda tomchilar hosil qiladi. Keyinchalik butan bugʻlanib ketadi va maydonda faqat suv izlari qoladi. Belgilar taxminan bir daqiqadan soʻng butunlay yoʻqoladi.

Virtual ofsayd chizigʻi (Virtually Offside Line)

VOL (Virtually Offside Line) — bu futbolda VAR tizimiga yordam berish maqsadida qoʻllaniladigan kompyuter orqali yaratilgan virtual chiziqlardir. U maydon boʻylab ofsayd qarori qabul qilinayotgan nuqtada oʻtkazilgan ingichka va toʻgʻri chiziq koʻrinishida namoyon boʻladi. Ushbu chiziq odatda rang bilan ajratiladi, bu esa uni maydondagi boshqa chiziqlardan farqlashga yordam beradi. Tizim takomillashib hozirda devor shaklida ham namoyish etiladi.

VOL ofsayd holatining mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash uchun ishlatiladi. Ushbu chiziqlar oʻyin videoyozuviga integratsiya qilinadi va toʻp uzatilgan lahzada hujum qilayotgan futbolchining joylashuvi himoyachilar joylashuvi bilan solishtiriladi.

Foto: “ESPN.com”

Masalan, virtual ofsayd texnologiyasi 2023-yil 3-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Angliya Premyer Ligasining 2023/2024-yilgi mavsumi doirasidagi “Arsenal” va “Manchester Yunayted” oʻrtasidagi uchrashuvda qoʻllanildi. Ushbu texnologiya “MYu” futbolchisi Alexandro Garnacho juda kichik farq bilan ofsaydda boʻlganini aniqlashda hal qiluvchi rol oʻynadi va natijada uning urgan goli bekor qilindi.

Ushbu yangiliklar futbolni zamonaviylashtirdi, biroq ular bilan birga sportda texnologiyaning kelajakdagi oʻrni borasida yangi savollarni ham yuzaga chiqardi.

Futbol — bu shunchaki natija emas, u hissiyot, xotira va bahslar bilan yonma-yon yuradigan sport. Texnologiyalar joriy etilishidan oldingi futbol aynan mana shu insoniy omil — xatolar, adolatsizliklar va bahsli qarorlar bilan oʻziga xos jozibaga ega edi. Diego Maradonaning 1986-yilgi mundialda Angliya darvozasiga qoʻl bilan urgan va hisobga olingan goli yoki Frenk Lempardning 2010-yilgi Jahon chempionatida Germaniya darvozasiga kiritib, ammo hisobga olinmagan goli futbol tarixida unutilmas sahifalarga aylangan. Bugun esa bunday holatlarni deyarli uchratmaymiz, chunki VAR va golni aniqlash tizimlari bir necha soniya ichida barchasini “fosh etmoqda”.

Foto: “TheSun.com”

Bu esa futbolning emotsional tomonini, muxlislarni yillar davomida bahslashishga majbur qilgan lahzalarni maʼlum maʼnoda yoʻqotdi. Oʻyin tobora aniqroq, adolatliroq, ammo kamroq bahsli boʻlib bormoqda. Shunga qaramay, masalaning ikkinchi tomoni ham bor: notoʻgʻri hakam qarorlari sababli yillar davomida aziyat chekkan jamoalar, futbolchilar va muxlislar nuqtayi nazaridan qaralganda, bu texnologiyalarning joriy etilishi muqarrar edi.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy futbol, adolatni ustuvor qoʻya boshladi. Video takrorlar yordamida chiqarilgan yakuniy qaror ham oniy hissiyotlarga sabab boʻlmoqda. Endilikda insoniy qarorlar sabab umrbod eslanadigan hodisaga yuz bermasligi mumkin, ammo eng muhim paytda oʻyin taqdiri haqiqat asosida hal boʻlayotgani futbolning yangi davrga qadam qoʻyganidan dalolat beradi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar