Daryo

Uitkoff hamda Kushner Moskvaga borib, Putin bilan uchrashishi mumkin – Bloomberg

Agentlik manbalari Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha tinchlik rejasining taxminan 90 foizi tayyor ekanini bildirgan. Biroq Donbass taqdiri, mamlakatga NATO qo‘shinlarining joylashtirilishi hamda muzlatilgan rus aktivlari borasida umumiy to‘xtamga kelinmagan.

2 daqiqa o‘qish3 604 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda kuyovi Jared Kushner yaqin vaqt ichida Moskvaga borib, Rossiya prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazishi mumkin. Muloqot kun tartibidagi asosiy masala Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar bo‘ladi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv yanvar oyidayoq o‘tkazilishi mumkin. Biroq tomonlar aniq sana borasida hozircha bir to‘xtamga kela olgani yo‘q. Bunga Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari hamda Vashington-Tehron qarama-qarshiligi sabab.

Bloomberg izoh olish uchun AQSH mulozimlariga murojaat qildi. Oq uy vakili agentlik so‘roviga javoban hozircha bunday uchrashuv rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Kremldan esa izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Manbalarga ko‘ra, uchrashuv surilayotganiga Vladimir Putinning qiziqish bildirmayotgani sabab.

Rossiya askarlari Xitoydan sotib olingan yengil taktik avtomobilda
Foto: Reuters

Tinchlik rejasi 90 foizga tayyor

AQSH va Ukraina mulozimlari urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarda sezilarli ilgarilash borligini ta’kidladi. Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shma Shtatlar vositachilik qilayotgan 20 banddan iborat rejaning taxminan 90 foizi kelishilgan. Ammo qator muhim masalalar hanuz ochiq qolmoqda.

Agentlik xabariga ko‘ra, Kreml Ukraina armiyasi Donbassning ayrim hududlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini talab qilmoqda. Kiyev esa hozirgi front chizig‘ini muzlatishni, shuningdek har ikki tomon ham o‘z kuchlarini olib chiqishi orqali xavfsizlik zonasi yaratishni taklif qilmoqda.

Rossiya, bundan tashqari, Ukrainaga NATO qo‘shinlari joylashtirilishiga qarshi chiqib, bosib olingan hududlar ustidan Rossiya yurisdiksiyasi tan olinishini talab qilgan. Kelishilmagan masalalar orasida Zaporojye atom elektr stansiyasi hamda Rossiya Markaziy bankining qariyb 300 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlari ham bor.

Rossiya nazoratida qolayotgan Zaporojye atom elektr stansiyasi
Foto: Reuters

Manbalarga ko‘ra, AQSH prezidentining vakillari Putin va uning jamoasiga yangilangan tinchlik kelishuvi loyihasini taqdim etishi mumkin. Unda AQSH va Yevropaning Ukrainaga nisbatan xavfsizlik kafolatlari, shuningdek urushdan so‘ng mamlakatni qayta tiklash jarayonlari markaziy o‘rin tutadi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar