Daryo

Tramp va Zelenskiy Ukrainani tiklash bo‘yicha 800 mlrd dollarlik bitim imzolashi mumkin

Prezidentlar tegishli hujjatga Davosda iqtisodiy forumda imzo chekishi kutilmoqda. AQSH va Ukraina, shuningdek, “nol bojlar” siyosatiga asoslangan erkin savdo kelishuvi tuzish imkoniyatini ham muhokama qilyapti.

1 daqiqa o‘qish3 457 ko‘rishlar0 izoh1

Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp 19–23-yanvar kunlari Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida qatnashib, urushdan keyin Ukrainani tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kelishuvni imzolashi mumkin. Bu haqda xabar bergan The Telegraph nashriga ko‘ra, gap 800 mlrd dollarlik bitim haqida boryapti.

Nashr manbalariga ko‘ra, dastlab Zelenskiy kelishuvni yakunlash uchun Oq uyga borishni rejalashtirgan. Biroq Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari bunga qarshi chiqib, uchrashuvni Davosda o‘tkazishni taklif qilgan.

Prezidentlar imzolashi kutilayotgan kelishuv Ukrainani qayta tiklash va iqtisodiyotni oyoqqa qo‘yish uchun 10 yil davomida 800 mlrd dollar sarmoya jalb etishni nazarda tutadi. Kiyev Qo‘shma Shtatlarni urushdan keyingi loyihalarga jalb etish, ayniqsa, Tramp uchun jozibador yo‘nalishlarga AQSH sarmoyasini olib kirish orqali Vashingtondan xavfsizlik kafolatlari olishga umid qilmoqda.

Foto: Ukraina nodir yer elementlari bo‘yicha hamkorlik orqali Trampning e’tiborini qozonmoqchi

Manbaga ko‘ra, kelishuvning asosiy qismi foydali qazilmalar bo‘yicha bitim hisoblanadi. Unga ko‘ra, kelgusida amerikalik investorlar Ukrainadagi konchilik loyihalari bo‘yicha imtiyozli huquqlarga ega bo‘ladi. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ushbu bitimni ijobiy baholadi.

Shu bilan birga, Ukraina Qo‘shma Shtatlar bilan “nol bojlar” siyosatiga asoslangan erkin savdo kelishuvi tuzish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda. Bu haqda prezident Zelenskiy Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Ukrainaliklar yetakchisiga ko‘ra, bu uning mamlakatiga qo‘shni davlatlarga nisbatan katta iqtisodiy ustunliklar beradi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar