AQSH qurolli kuchlari Atlantika okeanida Venesuelaga aloqador va sanksiya ostida bo‘lgan ikkita neft tankerini o‘z nazoratiga oldi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
AQSH Yevropa qo‘mondonligining (EUCOM) X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilinishicha, kema AQSH federal sudi bergan orderga asosan USCGC Munro kemasi tomonidan ikki hafta davomida kuzatilgan va Islandiya yaqinida qo‘lga olingan.
Dastlab “Bella 1” nomi bilan tanilgan ushbu tanker dekabr oyi oxirida Venesuela atrofidagi qisman AQSH blokadasini yorib o‘tib, Sohil xavfsizlik xizmati xodimlarining kema bortiga chiqish urinishlarini qaytargan edi. Shundan so‘ng, kema o‘z nomini Marinera’ga o‘zgartirgan, Rossiya bayrog‘i ostida ro‘yxatdan o‘tgan va ekipaj kema korpusiga Rossiya bayrog‘i chizilgan.
Wall Street Journal va CBS News nashrlarining AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Rossiya bo‘sh holatdagi ushbu tankerni himoya qilish uchun hududga suv osti kemasi va boshqa harbiy dengiz aktivlarini yuborgan.
Moskva munosabati
Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vaziyatga xavotir bildirdi. Xususan, ruslar tomoni AQSHdan quyidagilarni talab qildi:
- kemadagi Rossiya fuqarolarining vataniga tezroq qaytishiga to‘sqinlik qilmaslik;
- va Rossiya fuqarolariga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lishni ta’minlash.
“Tushunarsiz sabablarga ko‘ra, Rossiya kemasi AQSH va NATO harbiylari tomonidan e’tiborga olinmoqda. Bu e’tibor kemaning tinch maqsadli maqomiga mutlaqo nomutanosibdir”, degan edi vazirlik 6-yanvar kuni.
Sanksiyalar va “soyalar floti”
AQSH rasmiylariga ko‘ra, ushbu tanker Venesuela, Rossiya va Eron uchun neft tashuvchi “soyalar floti”ning bir qismi hisoblanadi. Marinera tankeri 2024-yildan beri Eron va “Hizbulloh” bilan aloqalari uchun AQSH sanksiyalari ostida qolib kelmoqda.
Ikkinchi tanker ham qo‘lga olindi
Xuddi shu kuni AQSH harbiylari Karib dengizida yana bir sanksiyalangan tankerni qo‘lga olganini ma’lum qildi. AQSH Janubiy qo‘mondonligi (SOUTHCOM) ma’lumotlariga ko‘ra, hech qanday ko‘ngilsiz hodisasiz qo‘lga olingan M/T Sophia tankeri xalqaro suvlarda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan va hech qaysi davlat ro‘yxatida bo‘lmagan.








