Shveysariya hukumati 5-yanvar kuni AQSH tomonidan qo‘lga olingan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning safdoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
37 nafar shaxsga nisbatan cheklov
Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora jami 37 nafar shaxsga, jumladan, Maduro va uning yaqin safdoshlariga tegishli. Hozircha muzlatilgan mablag‘ning aniq qiymati ochiqlanmayapti.
Mazkur qaror zudlik bilan kuchga kirdi va to‘rt yil davomida amal qiladi. Hukumat bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu chora noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan aktivlarning mamlakatdan olib chiqib ketilishining oldini olishga qaratilgan. Bu cheklovlar Shveysariya tomonidan 2018-yildan buyon Venesuelaga nisbatan qo‘llanib kelayotgan amaldagi sanksiyalarga qo‘shimcha ravishda kiritildi.
Aktivlar xalqqa qaytarilishi mumkin
Ushbu aktivlarni muzlatish chorasi Venesuelaning hozirgi hukumati a’zolariga daxldor emas. Shveysariya hukumati agar mablag‘larning noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgani isbotlansa, ularni Venesuela xalqi manfaati uchun qaytarish yo‘llarini izlashini bildirdi.
“Federal kengash hozirgi vaziyatda noqonuniy orttirilgan har qanday aktivlarning Shveysariyadan tashqariga chiqmasligini ta’minlashni istaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shveysariya hukumati Venesueladagi vaziyatni beqaror deb baholab, yaqin kunlar va haftalar ichida turli xil ssenariylar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rasmiy Bern vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qilib, tomonlarni vaziyatni keskinlashtirmaslikka va vazminlikka chaqirdi. Shuningdek, Shveysariya mojaroga tinch yo‘l bilan yechim topish uchun o‘zining vositachiligini taklif qildi.
Ushbu aktivlarni muzlatish ehtiyot chorasi sifatida qo‘llanilgan bo‘lib, u Maduro va uning yaqinlariga nisbatan “xorijiy siyosiy nufuzga ega shaxslar” sifatida tatbiq etildi.








