Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir rahbarlik qilayotgan Yahudiy Kuch partiyasi masjidlarda azon aytilishini cheklashga qaratilgan yangi qonun loyihasini ilgari surmoqda. Bu nafaqat falastinliklar, balki isroilliklar orasida ham keskin norozilikka sabab bo‘ldi.
Partiya ilgari surayotgan qonun loyihasi ma’qullansa, azon faqat davlat tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma asosida aytilishi kerak bo‘ladi. Ruxsat berish uchun ovoz balandligi, shovqinni kamaytirish choralarining mavjudligi, masjid joylashuvi, turar joylarga yaqinligi va atrofdagilarga ta’siri kabi talablar mezon sifatida olinishi mumkin.
Qonun loyihasi Knesset Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Zvicka Fogel tomonidan taqdim etilgan. U azon aytuvchi muazzinlarning ovozini “baland shovqin” deb atab, buni cheklash zarurligini iddao qilgan.
Loyiha qabul qilingan taqdirda, politsiya xodimlariga qoidalar buzilgan masjid ovoz kuchaytirgichlarini darhol o‘chirish, takroriy holatlarda esa uskunalarni musodara qilish vakolati beriladi. Bundan tashqari, yuqori jarimalar ham qo‘llaniladi. Masalan, ruxsatsiz karnay o‘rnatish yoki ishlatish uchun 50 ming shekel (taxminan 15,6 ming dollar), ruxsatnoma shartlarini buzish uchun esa 10 ming shekel (3,1 ming dollar) jarima belgilangan.
Zabarqa va boshqa faollarning fikricha, qonun loyihasi Isroil hamda bosib olingan hududlarda “yahudiylashtirish siyosatining bir qismi” hisoblanadi. Vazir Ben Gvir esa o‘z partiyasi qarorini himoya qilib, azon ayrim hududlarda aholining salomatligi va hayot sifatiga zarar yetkazayotganini iddao qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun politsiya xodimlariga yangi vakolatlarni beradi.
Bu Isroilda azonni cheklashga qaratilgan ilk urinish emas. 2017-yilda ham shunga o‘xshash qonun loyihasi Knessetga kiritilgan va birinchi o‘qishdan o‘tgan. Biroq ba’zi sabablarga ko‘ra qabul qilinmagan.“Azon Ben Gvirdan ham, Benjamin Netanyaxudan ham oldin bo‘lgan va ular ketganidan keyin ham, Xudo xohlasa, mavjud bo‘lib qoladi”, degan faollardan biri Kamol al Xatib qonun loyihasini qoralab.








