Daryo

Saudiya Arabistoni Yamandagi portga havodan zarba berdi

Hujumda BAAdan kelgan qurollar nishonga olingani aytildi.

2 daqiqa o‘qish6 756 ko‘rishlar0 izoh2

Saudiya Arabistoni 30-dekabr kuni Yamanning Mukalla port shahriga havodan zarbalar berdi. Riyod ushbu hujumni Birlashgan Arab Amirliklaridan (BAA) ayirmachi (separatist) kuchlar uchun qurol-yarog‘ olib kelingani bilan izohladi. Bu haqda AP News xabar berdi.

Saudiya Arabistoni davlat axborot agentligi tarqatgan harbiy bayonotda aytilishicha, zarbalar BAAning sharqiy sohilidagi Fujayra portidan ikkita kema yetib kelganidan so‘ng amalga oshirilgan.

“Ushbu qurollar mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdid solayotganini inobatga olib, Koalitsiya havo kuchlari bugun ertalab portga tushirilgan qurol-yarog‘ va jangovar texnikalarni yo‘q qilish bo‘yicha cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazdi”, deyiladi bayonotda.

​
Saudiya harbiylari hujum “bilvosita talafotlarning oldini olish uchun” tunda amalga oshirilganini bildirdi. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. BAA tomoni esa ushbu zarba yuzasidan hali rasmiy munosabat bildirmadi.

Ekspertlarning fikricha, hujum nishoni Sent-Kits bayrog‘i ostidagi Greenland yuk kemasi bo‘lgan. Ma’lumotlar tahlili ushbu kema 22-dekabr kuni Fujayrada bo‘lgani va 28-dekabr kuni Mukallaga yetib kelganini ko‘rsatmoqda. Basha Report tahlil markazi asoschisi Muhammad al-Basha ijtimoiy tarmoqlarda kema kelganidan so‘ng Mukalla ko‘chalarida harakatlanayotgan yangi zirhli texnikalar videosi tarqalganini qayd etdi.

Ittifoqchilar o‘rtasidagi “sovuq urush”

Ushbu hujum Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada yomonlashganidan dalolat beradi. Har ikki davlat Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarga qarshi koalitsiyaga a’zo bo‘lsa-da, mamlakat ichidagi turli guruhlarni dastaklamoqda, Xususan, Saudiya Arabistoni “Milliy qalqon kuchlari”ni qo‘llab-quvvatlaydi. BAA esa “Janubiy o‘tish kengashi” separatistlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mukalla shahri joylashgan Hadramaut viloyati yaqinda separatistlar tomonidan egallangan edi. Saudiya Arabistoni o‘tgan 26-dekabr kuni ham ushbu guruhga ogohlantirish sifatida zarbalar bergandi.

Katta geosiyosiy raqobat

“Janubiy o‘tish kengashi” separatistlari 1967-1990-yillarda mavjud bo‘lgan Janubiy Yaman bayrog‘ini ko‘tarib, qayta mustaqil bo‘lishga intilmoqda. Riyod va Abu-Dabi o‘rtasidagi bu raqobat nafaqat Yamanda, balki Qizil dengizning narigi qirg‘og‘idagi Sudanda ham kuzatilmoqda — u yerda ham ikki davlat qarama-qarshi tomonlarni dastaklamoqda.
Garchi har ikki davlat OPEC tashkiloti a’zosi va yaqin iqtisodiy hamkor bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda mintaqaviy ta’sir doirasi va xalqaro biznes loyihalari uchun kurash keskinlashgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar