Daryo

Nima uchun yanvar oyida ishdan bo‘shash yaxshi fikr emas?

Oktyabr, noyabr va dekabr oylarida ish yuklamasi ortadi. Yorug‘lik kuni qisqaradi, energiya kamayadi, vazifalar esa yil oxiriga kelib qor uyumidek to‘planadi. Bunday sharoitda charchoq, tushkunlik va hammasini tashlab ketish istagi paydo bo‘lishi tabiiy.

3 daqiqa o‘qish8 552 ko‘rishlar0 izoh5

Yil almashishi ko‘pchilikda yangilanish istagini uyg‘otadi. Odam yangi yil bilan birga hayotida ham o‘zgarish bo‘lishini xohlaydi: eski tashvishlarni ortda qoldirib, yangi rejalarga qo‘l uradi. Shu paytda ko‘p kishining xayoliga ish joyini o‘zgartirish, hattoki butunlay ishdan bo‘shab, hammasini yangidan boshlash fikri keladi.

Ammo bu qaror har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Ayniqsa, yanvar oyida ishdan ketish ko‘pincha hissiyot ta’sirida qabul qilinadi va keyinchalik afsusga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois yangi yilni yangi sahifadan boshlash niyati bilan shoshma-shosharlik qilmasdan, vaziyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rish muhim.

Agar dekabr oyining oxirida yangi ish topib, yanvar boshida yangi jamoaga qo‘shilsangiz, bu qarorning asosi bor. Biroq hech qanday aniq rejasiz, faqat hissiyotga berilib ishdan bo‘shash ko‘pincha o‘ylab ko‘rilmagan qarorga aylanadi. Quyida yanvar oyida ishdan ketishning bir qator jiddiy kamchiliklarini sanab o‘tamiz.

Moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelasiz

Foto: Shutterstock

Daromad odatda oylik maosh bilan o‘lchanadi, ammo har bir ish kunining alohida qiymati bor va bu oyga qarab farqlanadi. Masalan, 2025-yil dekabr oyida 24 ish kuni bo‘lsa, 2026-yil yanvar oyida qo‘shimcha dam olish kunlari hisobiga yanada kam ish kunlari bo‘lishi mumkin.

Shu bois, yanvar oyida ishdan bo‘shash kamroq ish kuni uchun ko‘proq pul olish imkoniyatidan voz kechish degani. Bu esa moliyaviy jihatdan unchalik oqilona qaror emas. Hech bo‘lmaganda yanvar oyini ishlab, keyin ishdan bo‘shash haqida o‘ylash maqsadga muvofiq.

Agar kompaniyada “o‘n uchinchi oylik” yoki yil yakuni mukofoti to‘lanadigan bo‘lsa ham yil boshida ishdan bo‘shamagan ma’qul. Odatda bunday to‘lovlar kompaniyada ma’lum muddatda — ko‘pincha to‘liq bir yil ishlagan xodimlarga beriladi. Mukofot oluvchilar ro‘yxati yil oxirida yoki yangi yil boshida shakllantiriladi. Agar ishdan bo‘shash haqida ariza bu jarayondan oldin topshirilgan bo‘lsa (ariza kamida 14 kun oldin beriladi), ushbu to‘lovdan bebahra qolish ehtimoli yuqori.

Yanvar oyida ish topish oson emas

Foto: Shutterstock

Ko‘pchilikda yangi yil ta’tilidan so‘ng rekruterlar va kadrlar bo‘limlari faol ish boshlaydi, degan tasavvur bor. Amalda esa vaziyat biroz boshqacha.
Yanvar oyida ko‘plab kompaniyalar hali byudjetlarini tasdiqlash jarayonida bo‘ladi. Rahbariyat aniq moliyaviy imkoniyatlarini belgilab olmaguncha, yangi xodim yollashga shoshilmaydi. Shu sababli bo‘sh ish o‘rinlari kamroq e’lon qilinadi, tanlov jarayonlari esa sekinlashadi.

Albatta, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan noyob mutaxassislar uchun bu muammo bo‘lmasligi mumkin. Biroq ko‘pchilik ish izlovchilar yanvar oyida qiyinchiliklarga duch keladi.

Keyinchalik qaroringizdan afsuslanishingiz mumkin

Foto: Shutterstock

Oktyabr, noyabr va dekabr oylarida ish yuklamasi ortadi. Yorug‘lik kuni qisqaradi, energiya kamayadi, vazifalar esa yil oxiriga kelib qor uyumidek to‘planadi. Bunday sharoitda charchoq, tushkunlik va hammasini tashlab ketish istagi paydo bo‘lishi tabiiy.

Ammo bu holat vaqtinchalik bo‘ladi. Hissiy va ruhiy toliqish jiddiy muammo bo‘lsa-da, yanvar oyi muhim qarorlar qabul qilish uchun eng qulay payt emas. Yangi yil ta’tiligacha yetib borishning o‘ziyoq muhim ahamiyatga ega: bu davrda inson dam oladi, chalg‘iydi va vaziyatga sovuqqonroq nazar bilan qaray boshlaydi.

Ko‘pincha ta’tildan so‘ng ish avvalgidek chidab bo‘lmaydigandek tuyulmaydi. Har qanday ish, hatto eng sevimlisi ham, vaqti-vaqti bilan asabiylashtirishi mumkin. Stress holatida esa ishdan ketish eng oson yechimdek ko‘rinadi. Bosim kamaygach, bu fikr ko‘pincha o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Tanaffus olib, ta’tilga chiqish stress darajasini pasaytiradi va hissiyotlarga berilmasdan, vaziyatni xolis baholash imkonini beradi. Agar dam olishdan keyin ham ish joyingiz sizni qoniqtirmasa, unda yanvar oyini oxirigacha ishlab, keyinroq yanada puxta va ongli qaror bilan yangi ish o‘rni izlash to‘g‘ri bo‘ladi.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar