Ukraina prezidentining jurnalistlar bilan suhbatda ta’kidlashicha, Xitoy qon to‘kilishiga tinch yo‘l bilan barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarga qo‘shilmayapti. Aksincha, Pekinning amaldagi qadamlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini davom ettirish uchun moliyaviy imkoniyat yaratib beryapti.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina Xitoydan diplomatik jarayonlarda faolroq rol o‘ynashni kutgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Moskvaga real ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega, biroq hozirgacha urushni to‘xtatish yo‘lida hech qanday amaliy qadam tashlamagan.
U, shuningdek, urush taqdiriga bevosita ta’sir qilayotgan iqtisodiy omilga ham e’tibor qaratdi. Zelenskiyning aytishicha, Xitoy Rossiyadan energetika resurslari xarid qilishni keskin oshirgan.“Men hozircha Xitoyning tinchlik jarayoniga qo‘shilishga tayyorligini ko‘rmayapman”, dedi ukrainaliklar yetakchisi.
“Rossiya energiya eksportidan tushgan pullarni urushga sarflayapti”, dedi Zelenskiy.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Kiyev Pekinni o‘z ta’sir kuchidan foydalanib, Moskvaga nisbatan siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazishga undab keladi. Ukraina tomoniga ko‘ra, bu janglarni to‘xtatishga yordam berishi mumkin. Xitoy esa rasman betaraflik pozitsiyasini tanlab, Rossiyaga nisbatan bevosita bosim o‘tkazishdan qochib keladi.








