Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Xitoyning China Road kompaniyasi vakillaridan qirg‘iz tilini o‘rganishni talab qildi. Bu haqda u Issiqko‘l viloyatidagi avtomobil yo‘llari qurilishi bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Amaldor “Barskoon — Qorako‘l” yo‘li uchastkasidagi qurilish ishlarini kim olib borayotgani bilan qiziqdi. Tashiyev Qirg‘izistonda qariyb 20 yildan beri faoliyat yuritayotgan kompaniya vakillari davlat tilini bilmasligiga e’tibor qaratdi.
Nega hali ham qirg‘iz tilini o‘rganmagansizlar? China Road Qirg‘izistonda necha yildan beri faoliyat yuritmoqda? 20 yildan beri ishlaysiz! Qirg‘izcha gapirishni bilmaysiz? O‘rganing! dedi Tashiyev.
Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari 75 kilometrlik yo‘l qurilishi muddatlarini muhokama qildi. Kompaniya vakili shartnoma bo‘yicha ishni 2028-yil 1-sentyabrgacha yakunlash rejalashtirilganini aytdi. Biroq ishlarni muddatidan oldin, 2027-yil oxirigacha, yakunlashga va’da berdi.
- Qirg‘iziston prezidenti: “Xitoyliklar bizni bosib olish uchun emas, zavodlar qurish uchun kelgan”
Noyabr oyi boshida Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov xitoylik quruvchilarga nisbatan tanqidiy fikrlarga munosabat bildirgan edi. U ayrimlar Xitoy fuqarolari haddan tashqari ko‘payib ketganini aytib, xalqni gij-gijlashga urinayotganini ta’kidlagan.
Biroq ular bizni bosib olish uchun emas, balki zavodlar hamda temir yo‘l qurishga kelgan. Bularning barchasi bizga zarur. Biz g‘orda yashagandek yashay olmaymiz. 2030-yildan boshlab temir yo‘l orqali jahon bozorlariga chiqamiz, tranzit imkoniyatiga ega bo‘lamiz, degan Qirg‘iziston rahbari.
Japarovning bayonotiga Xitoy va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasida yuz bergan mojaro sabab bo‘lgan. Jumladan, qurilishda qum-shag‘al aralashmasini tashiyotgan ikki davlat fuqarolari o‘rtasida bir-biriga yo‘l bermaslik sabab mushtlashuv yuz bergan. Shundan so‘ng 16 nafar Xitoy fuqarosi hibsga olingan. Voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Japarov hoalt yuzasidan xorijlik ishchilar “xotirjamlik va mahalliy aholiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerakligi” haqida ogohlantirilganini aytgan edi.








