Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev barcha davlat mukofotlaridan mahrum etildi. Tegishli farmonni mamlakatning amaldagi prezidenti Sadir Japarov imzoladi.
Prezident administratsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, 2025-yil 3-iyunda Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi chiqargan hukm ijrosini ta’minlash maqsadida, “Qirg‘iziston Respublikasining davlat mukofotlari, faxriy unvonlari va mukofot pullari to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasi 1, 2 va 4-qismlariga hamda Konstitutsiyaning 71-moddasiga muvofiq quyidagilar belgilandi:
1. Atambayev Almazbek Sharshenovich Qirg‘izistonning quyidagi davlat mukofotlaridan mahrum qilinsin:
1) “Qirg‘iz Respublikasining Qahramoni” oliy darajasi;
2) II darajali "Manas" ordeni;
3) “Danaker” ordeni;
4) “Dank” medali.
2. Quyidagilar bekor qilinsin:
1) prezidentning 1999-yil 22-apreldagi “A.Sh.Atambayevni ‘Dank’ medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi 106-sonli farmoni;
2) 2007-yil 27-noyabrdagi 518-sonli “A.Sh. Atamboyevni ‘Danaker’ ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni;
3) Prezidentning 2011-yil 30-noyabrdagi “davlat va jamoat arboblarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi 311-son farmonining uchinchi xatboshisi;
4) Prezidentning 2017-yil 27-noyabrdagi “A.Sh. Atamboyevga ‘Qirg‘iz Respublikasi Qahramoni’ oliy darajasini berish to‘g‘risida”gi 1-sonli farmoni.
3. Bosh prokuratura huzuridagi Sud ijrochilari xizmati ushbu farmonning 1-bandida ko‘rsatilgan Qirg‘iziston davlat mukofotlari va ularga tegishli hujjatlarni keyinchalik davlat mukofotlari fondiga topshirish uchun belgilangan tartibda olib qo‘yish choralarini ko‘rsin.
4. Ushbu farmon imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Atambayevning qo‘lga olinishi va unga qarshi ishlar
Qirg‘iziston maxsus xizmatlari 2019-yil 8-avgustda Atambayevni poytaxtdan 20 kilometr uzoqlikdagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida qo‘lga olgan edi. 2025-yil iyun oyida sud Atambayevni sirtdan 11 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgandi.
Atambayev Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yer uchastkalarini noqonuniy olishda, shuningdek, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilishdagi korrupsiya va 7-8 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda aybdor deb topilgan. Sobiq prezidentga nisbatan mol-mulkini musodara qilish va barcha davlat mukofotlaridan mahrum etish jazosi ham belgilangan. Atambayev 2011-2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan va 2019-yil iyunida daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan. Hibsga olinganidan so‘ng unga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.








