Daryo

Italiyada HAMASni moliyalashtirishda ayblangan guruh qo‘lga olindi

Genuya shahrida amalga oshirilgan tadbir davomida 9 kishi hibsga olinib, 8 million yevrodan ortiq mablag‘ musodara qilindi.

1 daqiqa o‘qish4 028 ko‘rishlar0 izoh1

Italiya huquq-tartibot idoralari Genuya okrugi anti-mafiya boshqarmasi hamkorligida HAMAS harakati bilan aloqadorlikda gumon qilingan “terror guruh”ga qarshi yirik operatsiya o‘tkazdi. Davlat politsiyasi va Moliya gvardiyasi 9 nafar gumonlanuvchini hibsga oldi hamda 8 million yevrodan ortiq qiymatdagi aktivlarni musodara qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Operatsiya shubhali moliyaviy operatsiyalar ortidan boshlangan surishtiruvlar sabab boshlangandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘lar gumanitar maqsadlar uchun emas, balki HAMASning jinoiy faoliyati, jumladan, tinch aholiga qarshi hujumlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflangan. Taxminan 7 million yevro guruhning qurolli strategiyasini kuchaytirish uchun G‘azo sektori va Falastin hududlariga yuborilgan.

Jinoiy sxema markazida Genuyada joylashgan “Falastin xalqi bilan birdamlik xayriya assotsiatsiyasi” kabi bir qancha tashkilotlar turgani aniqlangan. Xususan, Mohammad Hannoun Italiyadagi ushbu guruhning rahbari sifatida ko‘rilmoqda. U xayriya mablag‘larining 71 foizdan ortig‘ini bevosita HAMASning harbiy qanoti nazoratidagi tuzilmalarga yo‘naltirgan. Ma’lum bo‘lishicha, xalqaro bank nazoratidan qochish uchun gumonlanuvchilar “Oltin gumbaz” kabi nomlardan foydalangan.

G‘azodagi 2023-yil 7-oktyabrdagi hujumlardan so‘ng boshlangan tergov jarayonida Niderlandiya va Isroil rasmiylari bilan hamkorlik qilindi. Mablag‘larni qabul qilib oluvchilar orasida HAMAS hukumatining sobiq vaziri Osama Alisavi kabi yuqori martabali shaxslar borligi aytilmoqda. Shuningdek, pullar xudkushlik hujumlarini amalga oshirgan terrorchilarning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga ham sarflangan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar