Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida 24-dekabrga o‘tar kechasi qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Hodisa oqibatida ikki nafar tojikistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Shamsiddin Shohin tumanida yuz bergan. Afg‘oniston tomondan uch nafar terrorchi “Sarichashma” chegara otryadiga qarashli post hududida davlat chegarasini buzib kirgan. Ular chegarachilarining taslim bo‘lish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmay, qurolli qarshilik ko‘rsatgan.
“Ular Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlarining postlaridan biriga qurolli hujum uyushtirishni rejalashtirgan”, deyiladi rasmiy xabarda.
Jangovar operatsiya natijasida uchala terrorchi ham zararsizlantirilgan. Voqea joyida uchta M-16 miltig‘i, bitta “Kalashnikov” avtomati, uchta xorijda ishlab chiqarilgan to‘pponcha, 10 ta qo‘l granatasi, tungi ko‘rish moslamasi, portlovchi moddalar va boshqa o‘q-dorilar musodara qilingan. Qurolli to‘qnashuv oqibatida Tojikistonning “Sarichashma” harbiy qismida xizmat qilgan 28 yoshli Ismatullo Qurbonov va 33 yoshli Zirebon Navro‘zbekov halok bo‘lgan.
- Bu so‘nggi bir oy ichida Afg‘oniston va Tojikiston o‘rtasida sodir bo‘lgan uchinchi qurolli to‘qnashuv hisoblanadi
Bu faktlar “Tolibon” hukumati Tojikiston bilan davlat chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda terroristik tashkilotlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlari va qat’iy majburiyatlarini bajarmayotganidan dalolat beradi, deyiladi bayonotda.
Tojikiston “Tolibon” rahbariyatini tojik xalqidan uzr so‘rashga va Tojikiston bilan chegara xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha samarali choralar ko‘rishga chaqirdi. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xavfsizligini ta‘minlash uchun barcha jismoniy va jangovar imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidladi.
“Kelajakda Tojikiston chegarachilari mamlakat chegaralari va vatanini tashqi tajovuzdan bor kuchlari bilan himoya qilishda davom etadi va terrorchi guruhlar, kontrabandachilar va Afg‘onistondan chegarani kesib o‘tishga urinishlarni munosib ravishda qaytaradi”, deya xulosa qildi Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.








