Professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida sobiq WBA chempioni, o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimovning navbatdagi jangi sanasi va manzili ma’lum bo‘ldi.
Tajribali bokschi 2026-yil 25-yanvar tongida AQSHning Las-Vegas shahrida joylashgan “Fontainebleau” majmuasida tashkil etiladigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi xabariga ko‘ra, o‘sha kuni Isroil Madrimovga Dominikan Respublikasi vakili Luis David Salazar raqiblik qiladi.
32 yoshli Salazar hozirga qadar 21 ta jang o‘tkazib, shularning 20 martasida g‘alaba qozongan. Bitta bellashuvda esa imkoniyatni boy bergan. Uning yagona mag‘lubiyati 2021-yilda qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Isroil “The Dream” Madrimov professional faoliyati davomida 13 ta jang o‘tkazib, 10 g‘alaba, 2 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etgan. U so‘nggi jangini joriy yil fevral oyida amerikalik Vergil Ortisga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga ko‘ra imkoniyatni boy bergandi.








