AQSH ma’muriyati xorijdagi ayrim diplomatik vakolatxonalarining 29 nafar rahbarini chaqirib olmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamentining ikki xodimiga tayanib, Associated Press xabar berdi.
Diplomatik missiyalar rahbarlari ularning vakolatlari 2026-yil yanvar oyida yakunlanishi haqida xabardor qilingan. Ularning barchasi AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida lavozimga tayinlangan. Bu o‘zgarishlardan jabrlanganlar diplomatik xizmatdagi lavozimlarini yo‘qotmaydi. Biroq xohish bildirsa, Vashingtonga qaytib, boshqa lavozimlarda ishlashi mumkin.
Davlat departamenti elchilarning aniq sonini ochiqlamadi, biroq bu qarorni “har qanday ma’muriyat uchun odatiy jarayon” deb izohladi. Shuningdek, elchi prezidentning shaxsiy vakili ekani va prezident ushbu mamlakatlarda “Avvalo Amerika” siyosatini ilgari suradigan vakillar bo‘lishiga ishonch hosil qilish huquqiga ega ekani ta’kidlandi.
Eng ko‘p elchilar Afrikadan chaqirib olinmoqda, ular quyidagi 13 ta davlatda faoliyat yuritmoqda: Burundi, Kamerun, Kabo Verde, Gabon, Kot-d’Ivuar, Madagaskar, Mavrikiy, Niger, Nigeriya, Ruanda, Senegal, Somali va Ugandadan qaytariladi.
Ikkinchi o‘rinda Osiyo bo‘lib, bu hududda elchilar olti davlatda almashtiriladi: Fiji, Laos, Marshall orollari, Papua-Yangi Gvineya, Filippin va Vyetnam.
O‘zgarishlar, shuningdek, Yevropaning to‘rt davlati — Armaniston, Makedoniya, Chernogoriya va Slovakiya; Yaqin Sharqning ikki davlati — Jazoir va Misr; Janubiy Osiyo — Nepal va Shri Lanka hamda G‘arbiy yarimshar — Gvatemala va Surinamni ham qamrab oldi.








