Daryo

“Tolibon” bir guruh amaldorlarni soqoli kaltaligi uchun ishdan bo‘shatdi

Ular lavozimidan chetlatilishidan oldin 24 soat hibsda saqlangan. “Tolibon”ning bundan maqsadi hokimiyatni eski hukumat xodimlaridan “tozalash” ekani aytilmoqda.

1 daqiqa o‘qish10 427 ko‘rishlar0 izoh1

Afg‘onistonning Xost provinsiyasida bir qator davlat amaldorlari “Tolibon” tomonidan soqoli kaltaligi uchun ishdan bo‘shatildi. Ma’lum qilinishicha, xodimlar lavozimidan ozod etilishidan oldin 24 soatgacha hibsda ushlab turilgan. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.

Jabrlangan xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” ma’muriyatining yangi rahbarlari turli bahonalar bilan avvalgi hukumatdan qolgan mutaxassislarni ishdan chetlashtirishga urinmoqda. Xost provinsiyasidagi Amri ma’ruf va nahyi munkar bo‘limi (Yaxshilikka chorlash va yomonlikdan qaytarish vazirligi) vakillari davlat muassasalariga borib, xodimlarning tashqi ko‘rinishini, ayniqsa, soqol uzunligini tekshirmoqda.

Xodimlarning ta’kidlashicha, ular hech qanday siyosiy yoki jinoiy o‘tmishga ega bo‘lmagan oddiy fuqarolik xizmatchilari bo‘lsa-da, faqatgina soqoli qisqaligi uchun haqorat, tahdid va kamsitishlarga duch kelmoqda.

“Soqol uzunligi bir tutam bo‘lishi shart”

Xost provinsiyasi Aloqa bo‘limining professional xodimlaridan biri vaziyatni shunday izohladi:

“Bizga soqol uzunligi kamida bir tutam bo‘lishi, quloq ostidagi qismlari esa mutlaqo qisqartirilmasligi kerakligi haqida ko‘rsatma berildi”.

Ofitserlardan birining aytishicha, “Tolibon”ning maqsadi eski xodimlarni haydab, o‘rniga o‘z odamlarini tayinlash. Hozirda ushbu “tozalash” jarayoni Xost munitsipaliteti hokimiyati, Aloqa bo‘limi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar boshqarmalarida jadal davom etmoqda.

Qandahorda ham ommaviy hibslar boshlangan

Tazyiqlar nafaqat davlat idoralari, balki oddiy aholi vakillariga ham qaratilgan. Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida Qandahor shahrida “Tolibon” agentlari restoran va ovqatlanish shoxobchalarida o‘tirgan 15 nafarga yaqin yosh yigitni hibsga olgan. Ularning “aybi” — soqoli kalta ekani yoki butunlay olinganidir. Mutaxassislar “Tolibon”ning bunday harakatlarini inson huquqlarining poymol etilishi va mamlakatdagi professional kadrlar bazasiga zarba berish deb baholamoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar