Daryo

“Putinga Kupyansk egallangani haqida hisobot bergan general g‘oyib bo‘lgan” — Zelenskiy

General-polkovnik Sergey Kuzovlyov 20-noyabr kuni Putinga rus armiyasi Kupyanskni to‘liq egallagani haqida hisobot bergan. Shundan so‘ng “Rossiya qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Biroq oradan uch hafta o‘tib, 12-dekabr kuni Zelenskiy Kupyanskka shaxsan borgan va u yerdan videomurojaat yo‘llagan.

2 daqiqa o‘qish8 680 ko‘rishlar0 izoh3

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning PAP axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, bundan bir oy avval Vladimir Putinga Kupyansk shahri to‘liq bosib olingani haqida hisobot bergan general bedarak yo‘qolgan. Ukrainaliklar yetakchisiga ko‘ra, u o‘lik holda topilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya qurolli kuchlari general-polkovnigi Sergey Kuzovlyov 20-noyabr kuni Putinga rus armiyasi Kupyanskni to‘liq nazoratga olgani haqida hisobot bergan. Biroq oradan uch hafta o‘tib, 12-dekabr kuni Zelenskiy Kupyanskka shaxsan borgan va u yerdan videomurojaat yo‘llagan.

Ukraina prezidenti Kupyanskda
Foto: Reuters

Ukraina prezidentining aytishicha, u shaharga borganda vaziyat haqiqatan ham og‘ir edi. Front chizig‘i juda yaqin bo‘lganiga qaramasdan, ukrainalik harbiylar Kupyansk mudofaasini ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan.

“Putin tez-tez shaharlar ustidan nazorat haqida gapirardi. Biz generallar shaharlarni egallagani haqida video hisobotlar berganini ko‘rdik. Keyin men Kupyanskka bordim. Vaziyat og‘ir edi, front juda yaqin edi, ammo shahar bizning qo‘limizda”, dedi Zelenskiy.

Putin Sergey Kuzovlyovni Kupyansk uchun “Rossiya qahramoni”unvoni bilan taqdirlagandi
Foto: Rus manbalari

Uning qo‘shimcha qilishicha, keyinchalik Sergey Kuzovlyov yo‘qolib qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan. Oradan ko‘p o‘tmay esa uning vafot etgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan.

“Keyin bu general g‘oyib bo‘ldi — qayerga ketgani noma’lum. Kecha yoki undan oldin u vafot etgani haqida xabarlar chiqdi. Balki gap aynan o‘sha general haqida ketayotgandir. Albatta, har qanday ma’lumotni o‘n marta tekshirish kerak, ammo agar u yo‘qolgan bo‘lsa ham men bunga ajablanmayman”, dedi Zelenskiy.

Frontdagi vaziyat

Bir necha kun avval Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiya qo‘shinlari Kupyanskdan siqib chiqarilganini, hozirda shaharning qariyb 90 foizi Ukraina armiyasi nazoratida ekanini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Urushni o‘rganish instituti (ISW) Rossiya tomoni frontdagi muvaffaqiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatayotganini qayd etgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya armiyasining 2025-yilda 6 300 kvadrat kilometrdan ortiq hudud egallangani haqidagi bayonotlari real vaziyatga mos kelmaydi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar