Yevropa Ittifoqi yetakchilari 2026–2027-yillarda Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida foizsiz kredit ajratishga kelishib oldi. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshtaga tayanib, Reuters xabar berdi.
Yevropalik yetakchilar Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish o‘rniga kredit ajratish variantini tanlagan. Ukrainaning Rossiyaga qarshi mudofaasini moliyalashtirish uchun mablag‘lar kapital bozorlaridan qarz olish mexanizmi orqali jalb qilinadi. Ushbu sxemada Chexiya, Vengriya va Slovakiya ishtirok etmaydi. Kreditni moliyalashtirish jarayonida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan naqd aktivlaridan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
“Ukrainani 2027-yildan keyin moliyalashtirish Yevropa Ittifoqi budjetining navbatdagi uzoq muddatli muhokamasining bir qismi bo‘ladi”, dedi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen.
Germaniya kansleri Fridrix Merts Ukrainaga ajratilayotgan mablag‘ foizsiz kredit ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ushbu kreditni faqat Rossiya tovon puli to‘laganidan keyingina qaytaradi.
“Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplamaguncha, biz Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘yamiz”, — dedi kansler.
Mablag‘lar Ukrainaga 2026-yilning ikkinchi choragidan boshlab yetkazila boshlaydi. Prezident Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi yetakchilariga qabul qilingan qaror uchun minnatdorlik bildirdi.
“Bu haqiqatan ham barqarorligimizni mustahkamlaydigan katta yordam. Muhimi, Rossiya aktivlari harakatsiz qolmoqda va Ukraina kelgusi yillar uchun moliyaviy xavfsizlik kafolatini oldi”, dedi u.








