Rossiyada 2026-yildan boshlab migrantlarga alkogol va tamaki savdosida ishlash taqiqlanadi. Ularning qurilishda ishtirok etish ulushi ham kamayadi. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tegishli qarorni imzoladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, ish beruvchilar xorijiy mutaxassislar sonini hududiy va tarmoq bo‘yicha belgilangan cheklovlarga moslashtirishi shart. Hukumat bozorlarda va ko‘chma savdo nuqtalarida chakana savdoga xorijiy fuqarolarni jalb etish bo‘yicha taqiqni saqlab qoldi. Shuningdek, dorixonalarda dori vositalari savdosida ham chet elliklar ishlashiga ruxsat berilmaydi.
Yo‘lovchi va yuk tashish sohalarida mehnat migrantlarining ulushi ushbu tarmoqlardagi umumiy ishchi kuchi ehtiyojining 24 foizidan oshmasligi kerak. Qurilish sohasida hukumat cheklovni 80 foizdan 50 foizgacha qisqartirdi, sabzavot yetishtirishda — 50 foizdan 40 foizgacha, o‘rmon xo‘jaligi va yog‘ochni qayta ishlashda ham 50 foizdan 40 foizgacha kamaytirdi.
Agar kompaniyada migrant ishchilar soni belgilangan limitlardan oshib ketsa, xodimlarning bir qismi bilan mehnat shartnomalari bekor qilinadi. Agar kompaniyada xorijiy xodimlarning ulushi ruxsat etilgan foizdan oshsa, ish beruvchi ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
- Mansabdor shaxslarga 45 ming rubldan 50 ming rublgacha, yuridik shaxslarga 800 ming rubldan 1 million rublgacha jarima yoki 14 kundan 90 kungacha faoliyatni to‘xtatib turish belgilanadi.
“Iqtisodiyotning ayrim sektorlarida mehnat muhojirlari ulushini cheklash rossiyaliklarni ish bilan ta’minlash uchun ustunlikni saqlash zarurati bilan bog‘liq. Bu juda oqilona qaror, chunki mehnat muhojirlari mahalliy ishchilarga raqobat yaratadi.
Biroq ushbu choralar qanchalik samarali ekanini faqat 2026-yil oxiriga borib baholash mumkin bo‘ladi. O‘shanda rossiyaliklar aynan cheklovlar joriy etilgan sohalarda ishlashga qanchalik tayyor ekani ayon bo‘ladi”, deydi Rossiya hukumati huzuridagi moliya universiteti professori Aleksandr Safonov.








