Professional boksning olti vazn toifasida sobiq jahon chempioni, filippinlik bokschi Menni Pakyao 2026-yilda bir nechta jang o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
“2026-yil uchun bir nechta jang rejalashtirilgan. Hozir muzokaralar olib borilmoqda”, — deydi Pakyao.
Menni Pakyao hozirda 46 yoshda. U 29-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ilk nabirasi dunyoga kelganini ma’lum qilgan edi.
Pakyao professional boksdagi debyutini 1995-yilda o‘tkazgan. U ilk bor 1998-yil dekabr oyida WBC versiyasi bo‘yicha eng yengil vazn toifasida (50,8 kg) jahon chempioniga aylangan. Faoliyati davomida u 73 ta jang o‘tkazib, 62 ta g‘alaba, 8 ta mag‘lubiyat va 3 ta durang qayd etgan.
Keyinchalik Pakyao ikkinchi eng yengil vazn (55,3 kg), ikkinchi yarim yengil vazn (59 kg), yengil vazn (61,2 kg), yarim o‘rta vazn (66,7 kg) hamda birinchi o‘rta vazn (69,9 kg) toifalarida ham chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan.
Menni Pakyao nafaqat bokschi, balki aktyor va siyosatchi sifatida ham tanilgan. U Filippin Senatining sport qo‘mitasi raisi bo‘lgan, shuningdek, 2022-yilgi saylovda Filippin prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ishtirok etgan.
Pakyao to‘rtta o‘n yillikda chempionlik kamariga ega chiqqan ilk bokschi sifatida ham tarixga kirgan.
Shuningdek, u The Ring jurnali tomonidan 2006, 2008 va 2009-yillarda “Yil bokschisi” deb topilgan. 2008–2011-yillar oralig‘ida esa vazn toifasidan qat’i nazar dunyoning eng kuchli bokschisi sifatida e’tirof etilgan.
BoxRec talqiniga ko‘ra, Menni Pakyao barcha davrlarning eng kuchli bokschilari reytingida 33-o‘rinni egallagan. Umuman olganda, u professional faoliyati davomida jahon chempionligi uchun 22 nafar bokschini mag‘lub etgan.








