Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ikki-uch oy ichida mamlakatda prezidentlik saylovini oʻtkazishga tayyorligini aytib, buning uchun shart qoʻydi.
Zelenskiy “kresloga yopishib olgan odam emasligini” ta’kidlab, bu boradagi barcha gap-so‘zlarni “noadekvat hikoya” deb atadi.
“Agar bu masalani bugungi kunda AQSH prezidenti va Yevropadagi hamkorlarimiz ko‘taryapti ekan, qisqa javob beraman: men saylovga tayyorman”, dedi Zelenskiy.
U jarayonni tashkil etish uchun ikkita shart bajarilishi kerakligini ta’kidladi. Birinchisi — xavfsizlikni ta’minlash, Ukraina muntazam ravishda Rossiya zarbalariga duchor bo‘lmoqda va harbiy xizmatchilarga esa ovoz berish imkoniyatini berish lozim. Ikkinchisi — harbiy holat sharoitida saylovlar o‘tkazilishini qonuniy qilish uchun qonunchilikni o‘zgartirish.
Zelenskiy deputatlarga tegishli tuzatishlarni tayyorlashni topshirishini aytdi. Biroq birinchi masalani faqat g‘arblik hamkorlar ishtirokida hal etish mumkinligini ta’kidladi.
“Men AQSHdan va kerak bo‘lsa, yevropalik hamkorlardan xavfsizlikni ta’minlashni so‘rayman… Shunda keyingi 60–90 kun ichida Ukraina saylov o‘tkazishga tayyor bo‘ladi. Shaxsan menda bunga iroda bor”, degan Ukraina prezidenti.
Bungacha Tramp Ukraina saylovni kechiktirish uchun “urushdan foydalanayotgani”ni aytgan va Kiyevni demokratiyaga sodiqligini tasdiqlashga chaqirgan edi. Shuningdek, u Zelenskiyning saylovda g‘alaba qozonishi ehtimolini ham inkor etmagan.
Trampning bayonoti Zelenskiy atrofidagilarga qamrab olgan korrupsiya mojarosi fonida yangradi. Bundan tashqari, yaqinda Ukrainadagi saylovlar mavzusini yana Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘tardi.
Unga ko‘ra, saylovni bekor qilish tinchlik kelishuvini “huquqiy jihatdan imkonsiz” qiladi. Putinning nuqtayi nazariga ko‘ra, Zelenskiy harbiy holat sharoitida o‘z vakolatlarini uzaytirishga haqli emas, shuning uchun u bilan hujjatlar imzolash “ma’nosiz”.
Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Zelenskiyga Ukraina aholisining 60 foizi ishongan, 35 foizi esa ishonmagan. Shu bilan birga, fuqarolarning atigi 25 foizi urush tugaganidan keyin uni prezident sifatida ko‘rishni xohlaydi.
Zelenskiyning besh yillik vakolati 2024-yil 20-mayda tugadi. Avvalroq u agar urush tugasa, ikkinchi muddatga saylanmasligini aytgandi.








