Xitoy rahbari Si Szinpin G‘azo sektorida yashovchi falastinliklar uchun 100 mln dollar miqdorda insonparvarlik yordami ajratishini ma’lum qildi. Mablag‘lar anklavda hukm surayotgan og‘ir gumanitar inqirozni yumshatish hamda vayron bo‘lgan infratuzilmani qayta tiklash uchun ishlatiladi.
Si Szinpinning ushbu bayonoti bugun, 4-dekabr kuni Fransiya prezidenti bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng qo‘shma matbuot anjumanida yangradi. U, shuningdek, Xitoy falastinliklar uchun yordamni zudlik bilan yetkazishni maqsad qilganini ta’kidladi.
“Pekin Falastin xalqining adolatli va qonuniy huquqlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shuningdek, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va xalqaro gumanitar huquqqa amal qilinishini talab qiladi”, degan xitoyliklar yetakchisi.
Fransiya prezidenti Makron ham xitoylik hamkasbining ushbu qarorini olqishlab, G‘azo bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. U, shuningdek, mintaqada barqaror tinchlikka erishish uchun “ikki davlatli yechimdan boshqa yo‘l yo‘qligini” qo‘shimcha qildi.
Qo‘shma Shtatlar xalqaro gumanitar tashkilotlarga yordamni sezilarli darajada qisqartirgan bir vaqtda, Pekin hosil bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirishga urinyapti. Jumladan, Xitoy hukumati so‘nggi oylar davomida Yaqin Sharq bo‘yicha faolligini oshirib, G‘azo aholisi uchun shoshilinch yordam ko‘rsatishga chaqirmoqda. 100 million dollarlik mazkur paket hozircha Xitoyning mintaqaga yo‘naltirilgan eng yirik yordam tashabbuslaridan biri bo‘lib turibdi.








