Ukrainada 29-noyabr kuniga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida 600 ming odam elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda ukrain Energetika vazirligiga tayanib, BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, elektrsiz qolganlarning 500 mingdan ortig‘i poytaxt Kiyev aholisidir. Qolganlar esa Kiyev atrofi hududlarida istiqomat qiladi. Vazirlik elektr energiyasidagi uzulishlarni energiya infratuzilmasiga qilingan raketa va dron zarbalari bilan izohlagan.
Ukraina rasmiylari bu safargi hujumlarda 36 ga yaqin raketa va deyarli 600 ta dron uchirilganini xabar qilgan. Zarbalar oqibatida uch kishi halok bo‘lib, 29 kishi jarohatlangan. Kiyev meri Vitaliy Klichko shaharda jarohatlanganlar orasida 13 yoshli bola ham borligini ma’lum qilgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlari 558 ta dron va 19 ta raketani urib tushirganini xabar bergan.
Rossiya qish yaqinlashgani sari, Ukrainaning energetika va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirmoqda. Bunga AQSH boshchiligidagi tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga urinish tashabbuslari monelik qilolmayapti.
“Ukraina harbiy-sanoat korxonalari va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan energiya obyektlariga qarshi keng ko‘lamli zarba berildi”, deya bayonot bergan Rossiya Mudofaa vazirligi.








