Yamanda Isroil va uning g‘arbiy ittifoqchilari nomidan josuslik qilgani uchun 17 kishini otib o‘ldiriladi. Hukm prokurorlar bilan ishlaydigan husiy sudyalari tomonidan e’lon qilindi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Sanaa shahridagi Maxsus jinoyat sudi 22-noyabr kuni AQSH, Isroil va Saudiya Arabistoni razvedkasi bilan bog‘liq “josuslik guruhlari” ishi bo‘yicha hukm chiqargan. Sud 17 kishini “jamoat joyida qatl etishga” hukm qilgan. Shuningdek, yana bir ayol va erkak 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, boshqa bir erkak esa barcha ayblovlardan oqlangan. Shu tariqa bu ish bo‘yicha sud qilinayotganlar soni 20 nafarga yetgan.
Prokurorlar sudlanuvchilarga 2024–2025-yillarda “Yamanga dushman xorijiy davlatlar foydasiga josuslik qilganlik” aybini qo‘ygan. Bu ro‘yxatda Buyuk Britaniya ham tilga olingan. Sud hukmiga ko‘ra, ular apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Xabarlarga ko‘ra, Isroilning “Mossad” razvedka xizmati ayblanayotgan yamanliklar bilan aloqada bo‘lgan maxsus xodimlariga yo‘l-yo‘riq bergan. Ularning harakatlari bir nechta harbiy, xavfsizlik va tinch aholi obyektlariga zarba berilishiga olib kelgan. Oqibatda o‘nlab odamlar halok bo‘lib, infratuzilmaning katta qismi vayron bo‘lgan.
AQSH va Buyuk Britaniya 2023-yil oktyabr oyida Isroilning G‘azoga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng Yaman bo‘ylab o‘nlab qo‘shma havo hujumlarini amalga oshirdi. Chunki husiylar falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Isroilga va Qizil dengiz orqali xalqaro dengiz tranzitiga hujumlar uyushtirdi.
Husiylar o‘tgan oy G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin hujumlarni to‘xtatdi. Isroil esa Yaman va uning infratuzilmasiga yirik havo hujumlarini uyushtirdi. Yonilg‘i omborlari, elektr stansiyalari va gumanitar yordam yetkaziladigan muhim port shaharga zarbalar berilib, siyosiy yetakchilar va o‘nlab tinch aholi oʻldirildi. Avgust oyida husiylar Isroil havo hujumi oqibatida Sanada o‘z hukumatining bosh vaziri halok bo‘lganini tasdiqlagandi.
Ahmad ar-Rahoviy “bir necha” boshqa vazirlar bilan birga o‘ldirilgan, deyilgan o‘shanda husiylar bayonotida.








