O‘zbekiston terma jamoasi hamda Qarshining “Nasaf” klubi hujumchisi Husayn Norchayev faoliyatini Qozog‘iston chempionatida davom ettirishi mumkin. Jurnalist Aleksandr Troitskiyning xabar berishicha, 23 yoshli futbolchiga “Yelimay” klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Jurnalist o‘z Telegram sahifasida Qozog‘istonning bir klubi Norchaeyvga qiziqish bildirgani hamda bu jamoa katta ehtimol bilan “Yelimay” bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan:
“Jamoa nomi aniq aytilmagan, ammo bu — mening shaxsiy farazim. ‘Yelimay’ kelasi mavsum Yevrokuboklarda ishtirok etadi, bu esa Husayn uchun jozibali variant bo‘lishi mumkin. Mablag‘ masalasi ham muhim: ‘Nasaf’ unga munosib maosh to‘laydi, shuning uchun qozog‘istonliklar oyiga kamida 20 ming dollar taklif qilishi kerak bo‘ladi”, deydi jurnalist.
Mutaxassis Norchayevning darajasi yetarlicha yuqori ekanini ham qayd etdi:
“Husayn — O‘zbekiston Superligasining eng yaxshi to‘purarlardan biri. U ‘Nasaf’ safida Osiyo Chempionlar Ligasida ham gol uryapti, terma jamoaga chaqirilmoqda. Ehtimol, u Jahon chempionatiga ham boradi. Qozog‘iston klublari bu summaga Yevropada o‘ynagan legionerni ham olishi mumkin, lekin Norchayevning salohiyati yuqori. Agar futbolchini qishda sotib olib, u Jahon chempionatida yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, keyin yanada qimmatga sotish imkoniyati tug‘iladi. Lekin shuni ham unutmaslik kerak: u allaqachon 23 yoshda.”
Troitskiyga ko‘ra, Qozog‘iston chempionatining kuchli to‘rtligidan joy olgan klubga o‘tish Norchayev uchun juda qiziqarli variant bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Yelimay” Qozog‘iston Premyer Ligasida 43 ochko bilan 4-o‘rinda mavsumni yakunladi. Jamoa kelasi mavsum Konferensiyalar Ligasi saralash bosqichida ishtirok etadi.








