Daryo

Yamaykada asr bo‘roni sabab halokatli epidemiya avj oldi

Mamlakatda oktyabr oyida yuz bergan “Melissa” to‘foni tufayli leptospiroz bakterial infeksiyasi tarqalmoqda, o‘lim holatlari ham qayd etildi. Kasallik ifloslangan suv va qum orqali yuqadi.

1 daqiqa o‘qish1 669 ko‘rishlar0 izoh1

Yamaykada oktyabr oyi oxirida yuz bergan asr bo‘roni — “Melissa” oqibatida halokatli leptospiroz bakterial kasalligi avj oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kasallik tufayli oltita o‘lim holati qayd etilgan. 5-toifali “Melissa” bo‘roni 28-oktyabr kuni Karib dengizida joylashgan orol davlatga yopirilgan. Tabiiy ofat davomida 76 santimetrgacha yomg‘ir yog‘ishi sababli katastrofik suv toshqini va ko‘chkilar sodir bo‘lgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, buning natijasida hosil bo‘lgan va ifloslangan suv kasallikning tarqalishi uchun qulay muhit yaratib bergan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Kristofer Tufton 21-noyabr kuni bayonot berib, 30-oktyabrdan 20-noyabrgacha bo‘lgan muddatda to‘qqizta kasallanish holati va qo‘shimcha 28 ta gumon qilingan holat qayd etilganini ma’lum qilgan.

Leptospiroz sutemizuvchilar, jumladan, kemiruvchilarning peshobi bilan ifloslangan suv va tuproq orqali tarqaladi hamda yuqadi. Infeksiya inson tanasiga teridagi kesilgan joylar orqali yoki ko‘z, burun va og‘iz orqali kirishi mumkin.

Kasallikning dastlabki alomatlari grippga o‘xshash bo‘lib, isitma, boshda va mushaklarda og‘riq kuzatiladi. Lekin kasallik og‘ir va halokatli shaklga ham o‘tishi mumkin. U buyrak yetishmovchiligi, jigar shikastlanishi, meningit va ichki qon ketishiga olib keladi.

“Kasallikning avj olishi to‘fondan keyin yuzaga keldi. Bo‘ron odamlarni ifloslangan suv va tuproq bilan kontaktda bo‘lishga sabab bo‘ldi”, degan Tufton matbuot anjumanida.

Kimlar xavf ostida?

Vazir suv bosgan hududlarda bo‘lgan va yashayotgan insonlar yuqori xavf ostida ekani haqida ogohlantirgan. Ular orasida:

  • dehqonlar;
  • tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi shaxslar;
  • favqulodda vaziyatlarga javob beruvchi xodimlar;
  • suv bosgan hududlarda harakatlanayotgan boshqa odamlar bor.

Yamayka rasmiylariga ko‘ra, “Melissa” to‘foni oqibatida mamlakatga taxminan 10 milliard dollar miqdorida moliyaviy zarar yetgan. Bu zararlar mamlakatning asosiy turizm va qishloq xo‘jaligi sektorlariga jiddiy putur yetkazgan va qariyb 200 mingta bino shikastlangan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar