Rossiya armiyasi Odessa viloyatini o‘qqa tutish chog‘ida suyultirilgan gaz tashiyotgan Turkiya bayrog‘i ostidagi tankerga dron bilan zarba berdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Hujum 17-noyabr, dushanba kuni Izmail portida yonilg‘i tushirilayotgan paytda sodir bo‘lgan va zarbadan so‘ng kemada yongʻin chiqqan. Turkiya Dengiz ishlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bortdagi 16 nafar ekipaj a’zosi to‘liq evakuatsiya qilingan, jabrlanganlar yo‘q.
Hujum Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSHdan suyultirilgan gaz importi bo‘yicha kelishuvni imzolaganidan bir kun o‘tib yuz berdi. Qora dengiz bo‘yidagi Izmail Ukrainada import va eksport uchun asosiy portlardan biri hisoblanadi.
Hujum ortidan Ruminiya hukumati chegaraga yaqin joylashgan Chatalkyoy kommunasi aholisini evakuatsiya qilishni boshladi. Favqulodda vaziyatlar departamenti ko‘rsatmasiga binoan, yong‘in chiqqan kemadan atigi bir necha yuz metr masofada joylashgan Plauru qishlog‘i aholisi koʻchirildi
Kommuna rahbari Tudor Chernega kemaning “istalgan vaqtda portlab ketishi mumkin”ligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar xavf sabab “har bir uyni tekshirib chiqqan”, odamlar va hayvonlarni olib chiqib, hududdagi harakatni to‘xtatgan.
Odesa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper Rossiya dronlari mintaqaning bir nechta shaharlariga zarba berib, energetika va port infratuzilmasiga zarar yetkazganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, bir nechta yong‘inlar kelib chiqqan, fuqarolik kemalari shikastlangan, bir kishi jarohat olgan.








