Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘z nutqida Rossiyani “Xudo bergan qo‘shni” deb atadi. Bu haqda siyosatchi prezident Vladimir Putin tomonidan Kremlda o’tkazilgan davlat qabulida ma’lum qildi.
Og‘ir yillarda yonma-yon turib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatladik. Birgalikda sinovlarni yengib o‘tdik, birgalikda buyuk G‘alabaga erishdik — bu g‘alabani bugun ham qalbimizda asrab-avaylab saqlab kelmoqdamiz. Ko‘p asrlik donishmandlik qozoqlarning “Құдай қосқан көрші”, ya’ni “Xudo bergan qo‘shni” degan hikmatini saqlab kelmoqda. Rossiya Qozog‘iston uchun ana shunday qo‘shnidir”, dedi Qozog‘iston rahbari.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Qozog‘istonni “mehribon qo‘shni” deb atadi.
“Rossiya uchun Qozog‘iston — biz do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida ko‘p qirrali va teng huquqli munosabatlar o‘rnatayotgan ittifoqchi, strategik hamkor va mehribon qo‘shnidir”, dedi Rossiya rahbari.
To‘qayev hozirda Qozog‘iston va Rossiya samarali hamkorlik qilmagan sohalar deyarli qolmaganini aytdi.
“Qozog‘iston—Rossiya munosabatlarining salohiyati katta, birgalikdagi ishlarning oxiri va cheki yo‘q. Bugungi kunda mamlakatlarimiz samarali hamkorlik qilmagan sohalar deyarli qolmadi. Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida hal qilib bo‘lmaydigan masala yo‘q, bu tomonlarning yuksak mas’uliyati va birgalikda ishlashga samimiy tayyorligining yaqqol namunasidir”, deydi To‘qayev.
11-noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat tashrifi bilan Rossiyaga bordi. Uning samolyotiga havoda Rossiya Mudofaa vazirligining “Su-35” jangovar samolyotlari hamrohlik qildi. Samolyotlar Qozogʻiston chegarasidan to Moskvaga qo‘nishgacha bort atrofida parvoz qilgan.
12-noyabr kuni To‘qayev Kremlda Putin bilan uchrashdi, shundan so‘ng prezidentlar norasmiy muloqot qildi. Rossiya prezidenti Qozog‘iston rahbarini choy ichishga taklif qilgan. Bugun To‘qayev Rossiya federatsiyasi kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.








