Daryo

130 ming kishini chuv tushirgan xitoylik firibgar qamaldi

47 yoshli ayol 2017-yilda Xitoydan qochib, soxta pasport yordamida Londonga kirgan. U kriptovalyuta orqali firibgarlik yo‘li bilan topilgan daromadlarni yuvgan. Politsiya 61 mingdan ortiq bitkoinni musodara qilgan.

1 daqiqa o‘qish1 938 ko‘rishlar0 izoh13

Xitoyda 130 mingga yaqin odamni aldagan yirik moliyaviy piramidaning tashkilotchisi Britaniyada 11 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Sky News xabar berdi.

Gap kriptovalyuta orqali firibgarlik yo‘li bilan olingan daromadlarni yuvishda aybdor deb topilgan Qian Jimin (Yadi Chjan nomi bilan ham tanilgan) haqida ketmoqda. Tergov davomida Britaniya politsiyasi 61 mingdan ortiq bitkoinni musodara qilgan. Ularning bugungi qiymati 6 milliard dollardan oshadi — bu Britaniya tarixidagi eng yirik kriptovalyuta musodarasidir.

47 yoshli ayol 2017-yilda Xitoydan qochib, soxta pasport bilan Londonga kirgan. U bu paytga kelib 40 milliard yuan (5,6 milliard dollar) miqdoridagi investitsion firibgarlikdan 128 ming kishini aldagan va o‘zini “Boylik ma’budasi” deb atagan.

Qian va uning sheriklari o‘zlarini xalqaro zargarlik biznesi egalari sifatida tanishtirib, Londonning qimmatbaho uylari va butiklarida xaridlar qilgan. Ular Harrods do‘konlarida minglab funtlik kiyim-kechak, Mercedes E-Class mashinasi, hattoki 24 million funtlik villa sotib olishga ham uringan.

Politsiya ularning uyi va seyflaridan 61 279 bitkoin, 300 ming funt naqd pul va “xazina xaritasi”ni eslatuvchi hujjatlar topgan. Qian 2023-yil aprel oyida Yorkdagi Airbnb uyida qo‘lga olingan.

Sudda u 11 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sudya Salli-Ann Heylz ayolni “jinoyatning boshidan oxirigacha muallifi” deb atagan.

Prokurorlar ma’lumotiga ko‘ra, firibgarlikdan tushgan mablag‘larning bir qismi 95 million yuanga teng zargarlik buyumlariga sarflangan. Ayrim jabrlanuvchilar esa butun jamg‘armasidan, uyidan ayrilgan yoki oilasi buzilgan.

Qianning sheriklaridan Jian Ven 6 yil 8 oyga, Seng Hok Ling esa 4 yil 11 oyga qamalgan. Jinoyat ishi yakunlangan bo‘lsa-da, musodara qilingan bitkoinlarning taqdiri va jabrlanuvchilarga tovon to‘lash masalasi hali hal etilmagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar