Yevropa Ittifoqi (YI) rasmiylari Rossiya va boshqa davlatlarning dezinformatsiyasiga qarshi kurashish uchun Demokratik barqarorlik markazini tashkil etadi. Bu haqda Yevrokomissiyaning ichki hujjatiga tayanib, The Guardian xabar berdi.
Yangi markaz YI rahbari Ursula fon der Lyayen ilgari surgan “Demokratiya qalqoni” tashabbusining bir qismi bo‘ladi. Loyiha doirasida ma’lumot almashinuvini muvofiqlashtirish va xorijiy hukumatlarning axborotni manipulyatsiya qilishga urinishlari haqida jamoatchilikni xabardor etish rejalashtirilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Rossiya Ukrainadagi urush bilan bir qatorda Yevropaga qarshi gibrid hujumlar — yolg‘on axborot tarqatish, manipulyatsiya va tarixiy faktlarni soxtalashtirish kabi usullardan faol foydalanmoqda. Bu orqali Moskva demokratik tizimlarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirishga urinayotgani aytiladi.
Markaz YI mamlakatlari va ittifoqqa qo‘shilishni istayotgan davlatlar ekspertlarini birlashtiradi. “Hamfikr hamkorlar” ishtirokiga ham ruxsat berilishi mumkin, bu esa Buyuk Britaniya ham markaz ishida qatnashishi mumkinligini bildiradi.
“Demokratiya qalqoni” tashabbusi, shuningdek, saylovlar, sog‘liqni saqlashdagi favqulodda holatlar yoki tabiiy ofatlar paytida dezinformatsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil faktchekerlar tarmog‘ini yaratishni nazarda tutadi.
- So‘nggi yillarda Rossiya bilan bog‘liq o‘nlab dezinformatsiya kampaniyalari aniqlangan
Ular orasida “Qiyofadosh” operatsiyasi ham bor. Uning doirasida Die Welt, Le Point, La Stampa va Polskie Radio kabi mashhur Yevropa ommaviy axborot vositalaridan nusxa ko‘chiradigan saytlar yaratilgan. Bu saytlar G‘arbga qarshi mazmundagi soxta materiallar nashr etib kelgan.
Materiallar ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilib, siyosatchilarni obro‘sizlantirish hamda Ukraina va ukrainalik qochqinlarga nisbatan jamoatchilik qo‘llovini kamaytirish maqsadida ishlatilgan.
- Hujjatda Xitoydan kelayotgan axborot tahdidlari ham tilga olingan
Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, Pekin o‘z manfaatlariga mos axborotni tarqatish uchun xususiy PR kompaniyalari va “ta’sirli shaxslar”dan foydalanadi. 2024-yilda Citizen Lab tadqiqotchilari Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasining 30 ta davlatida Xitoydan axborot agentliklari niqobi ostida ishlagan va Pekinga qarshi dezinformatsiyani e’lon qilgan 123 ta saytni aniqlagan.
Yevropa davlatlarining ichki ishlariga aralashuv ayniqsa Ruminiya saylovlaridan so‘ng sezilarli bo‘ldi. Natijalar Rossiya kiberhujumlari sabab bekor qilingan. Avvalroq Moldova hukumati ham Rossiyaning saylovlarga aralashuvi haqida e’lon qilib, saylovchilarni sotib olish sxemalari va targ‘ibot kampaniyalaridan foydalanganini ta’kidlagan edi, deb eslatadi The Guardian.
Demokratik barqarorlik markazi g‘oyasi ilk bor Ursula fon der Lyayen tomonidan sentyabr oyida Yevroparlament deputatlari oldidagi nutqida ilgari surilgan edi. Tashabbusning batafsil qoidalari 12-noyabr kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.








