Daryo

Orolda unutib qoldirilgan sayyoh o‘lik holda topildi

Sayyoh 60 kunlik kruiz safari uchun 50 ming dollar to‘lagan. U Avstraliyaning Lizard oroliga kemadagilar bilan borganida unutib qoldirilgan.

1 daqiqa o‘qish2 000 ko‘rishlar0 izoh34

Avstraliyaning Lizard oroliga suzib borgan Coral Adventurer kruiz layneri o‘z sayyohlaridan birini orolda unutib qoldirdi. Keksa ayolni qutqarish uchun qaytishganida u halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

60 kunlik kruiz safari uchun chipta narxi taxminan 50 ming AQSH dollarini tashkil etgan. Sayyohlar orolga tashrif buyurib, snorkling va xayking bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lgan. Biroq 80 yoshli ayol orolning eng baland nuqtasiga chiqishga kuch topa olmagan. U bandargohga qaytmoqchi bo‘lgan yoki qisqa dam olish uchun to‘xtaganida guruhdan ortda qolgan.

Ayolning yo‘qligini darhol sezishmagan, chunki u yolg‘iz sayohat qilgan. Kema kun botar chog‘ida oroldan jo‘nab ketgan, ammo kechki ovqat paytida ekipaj ayolning yo‘qolganini payqagan. Bir necha soat o‘tgach, layner orolga qaytgan. Ammo vertolyot jalb etilgan qidiruvda ayolning jasadi topilgan.

Politsiya hodisani “to‘satdan va shubha uyg‘otmaydigan o‘lim” deb baholagan. Avstraliya dengiz xavfsizligi boshqarmasi voqeani tergov qilishni o‘z zimmasiga olgan. Coral Adventurer ekipaji ayolning o‘lim sabablari, uning orolda qolib ketishiga nima sabab bo‘lgani, qidiruvning kechikishi va uni qutqarish imkoniyatlari bor-yo‘qligini aniqlash uchun so‘roq qilinadi.

Ayolni qidirish bilan bog‘liq kechikishdan so‘ng, kruiz safari dasturga muvofiq davom etgan. Kema 2-noyabr kuni Darvinga yetib kelganidan so‘ng, ekipaj a’zolari so‘roq qilinadi.

Coral Expeditions bosh direktori Mark Fayfildning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ayolning oila a’zolari bilan bog‘lanib, “fojiali o‘lim” munosabati bilan yordam taklif qilgan.

“Biz yuz bergan voqeadan chuqur afsusdamiz”, dedi Fayfild.

Ma’lum bo‘lishicha, kema bortida shifokor ham, hamshira ham bo‘lmagan. Coral Adventurer 120 nafar mehmon va 46 nafar ekipaj a’zosini sig‘dira oladi. U Avstraliya qirg‘oqlarining chekka hududlariga sayohat qilish uchun maxsus loyihalashtirilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar