Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakati Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida biror bir hududdan voz kechmasligini qat’iy ta’kidladi. U bu haqda 23-oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa Ittifoqi sammiti doirasida ta’kidladi.
“Ukraina o‘z hududining bir qarichini ham bermaydi. Bizning qurollarimiz Rossiyaning 3 ming kilometrgacha ichkarisiga zarba bera oladi”, degan Zelenskiy.
Prezidentning bu bayonoti Yevropa Ittifoqi va AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilganidan bir kun o‘tib yangradi. Sanksiyalar Moskvani otashkesimga rozi bo‘lmagani uchun joriy etilgan.
Rossiyaning talablari o‘zgarmagan
Kreml o‘zining talablarini o‘zgartirmaganini bildirgan — Rossiya hanuz Qrim va to‘liq nazorat ostiga olinmagan to‘rtta Ukraina viloyati ustidan hukmronlikni saqlab qolishni istaydi.
AQSH OAV xabarlariga ko‘ra, bu hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampga yangi taklif bergan: unga ko‘ra, Ukraina o‘z nazoratidagi Donbassning ayrim qismlaridan voz kechishi evaziga Xerson va Zaporojye viloyatlarining kichik hududlarini qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.
Rossiya bu mintaqalarni 2014-yildan beri to‘liq egallashga urinib kelmoqda, biroq hozirgacha bunga erisha olmagan. Kreml yana bir bor o‘z pozitsiyasini tasdiqlab, Qrim bilan birga Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarining to‘liq nazoratini qo‘lga kiritish niyatida ekanini bildirgan.
“Putin butun Ukrainani istaydi”
Donald Tramp ham 22-oktyabr kuni Rossiya rahbari Putinning hududiy maqsadlari kamaymaganini aytgan.
“Men har doim u butun Ukrainani xohlashini his qilganman, faqat bir bo‘lagini emas”, degan Tramp jurnalistlarga.
Zelenskiy muzokaralar uchun shartini aytdi
Zelenskiy avvalroq Rossiyaning urushini joriy front chizig‘ida “muzlatib qo‘yish”ni “maqbul murosa” deb atagan edi. Uning fikricha, bu tinchlikka erishish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida otashkesimga erishish imkonini beradi.
“Bu urushni butunlay to‘xtatish rejasi emas, bu asosan otashkesim rejasi. Men bu taklifni Tramp bilan ham muhokama qildim”. dedi Zelenskiy Norvegiyaga tashrifi chog‘ida.








