Daryo

Kichik harakatning katta taʼsiri: HAMAS endi tarixda qoladimi?

Gap mazkur tashkilot haqida ketganda, dunyo hamjamiyati ikkiga bo‘linadi: ba’zilar uni terrorchi tashkilot deb bilsa, boshqalar ozodlik harakati sifatida tan oladi. Maqolada HAMAS tarixi, Gʻazoda boshqaruvni qanday qoʻlga olgani, Eron va Qatar bilan aloqalari, shuningdek, kelgusi taqdiri haqida soʻz boradi.

12 daqiqa o‘qish1 942 ko‘rishlar0 izoh10

HAMAS oxirgi ikki yil eng koʻp tilga olingan soʻzlardan biri boʻldi. Gap mazkur tashkilot haqida ketganda, dunyo hamjamiyati ikkiga bo‘linadi: ba’zilar uni terrorchi tashkilot deb bilsa, boshqalar ozodlik harakati sifatida tan oladi. Falastin qurolli harakati Isroil bilan ikki yil kurash olib bordi. Quyidagi maqolada HAMAS tarixi, Gʻazoda boshqaruvni qanday qoʻlga olgani, Eron va Qatar bilan aloqalari, shuningdek kelgusi taqdiri haqida soʻz boradi.

2023-yil 7-oktyabr voqealari domino effektini ishga tushirib, mintaqada kuchlar muvozanatini oʻzgartirdi. Bu urushlar, suiqasdlar va hatto hokimiyatlar almashinuviga turtki berib, siyosiy munosabatlarning global arxitekturasini ham buzib yubordi. Mana shu jarayonlarning ortida kichik hududda primitiv siyosiy institutlarni joriy qilgan, faoliyatining katta qismini tashqi yordam hisobiga amalga oshiradigan HAMAS harakati turgan edi. U ogʻir qurollar va jiddiy ittifoqchilarga ega boʻlmay turib, Isroil va uni qoʻllovchi Kollektiv Gʻarbga qarshi ikki yil turib berdi.

Foto: BBC

HAMAS harakati falastinliklar Isroil bosqiniga qarshi qoʻzgʻalonga koʻtarilgan 1987-yili, yaʼni Birinchi Intifada paytida tuzilgan boʻlsa-da, tashkilot qariyb yuz yillik tarixga ega. Boshqacha aytganda, u qurolli harakat sifatida Gʻazoni nazoratga olgunga qadar bir necha evolyutsiya bosqichlaridan oʻtdi.

Falastin qurolli harakatining oʻq ildizi “Musulmon birodarlar” tashkilotiga borib taqaladi. U 1928-yili misrlik oʻqituvchi Hasan al-Banna tomonidan Sinay yarimorolida tashkil etilgan. Tashkilot Gʻarb kolonializmiga qarshi kurashni maqsad qilgan edi. 1940-yillarga kelib ular tomonidan qurilgan maktablar, kasalxonalar, korxonalar va masjidlarning butun bir tarmogʻi faoliyat koʻrsatardi. “Musulmon birodarlar” oʻz nomiga muvofiq xalqlarni islom mafkurasi orqali birlashtirishni, hukumat ishlarini esa shariat qonunlariga muvofiq olib borishni xohlar edi.

Tashkilot Falastin zaminida yahudiylar uchun davlat qurish gʻoyasiga qarshi chiqdi. Shu bois birinchi Arab-Isroil urushi boshlangan 1948-yilda uning taxminan 10 000 nafar a’zosi koʻngilli sifatida janglarda qatnashdi. Kurash qurolli harakatlar yakunlangandan keyin ham ish tashlashlar, norozilik namoyishlari shaklida davom etdi. Misr Gʻazoni nazorat qilgan 1949–1967-yillar davomida ularning Falastindagi taʼsiri sezilarli darajada ortdi. Biroq “Olti kunlik urush” barchasini oʻzgartirdi. Yahudiylar Iordaniyadan Gʻarbiy Sohilni, Misrdan esa Gʻazoni tortib olib, oʻz boshqaruvini oʻrnatdi.

Tashkilot poydevori

Isroil okkupatsiyasi sabab “Musulmon birodarlar” tashkilotining Gʻazodagi aʼzolari va Misrdagi vakillari oʻrtasida aloqa uzildi. Shunga qaramay, falastinliklar kurashni davom ettirdi. 1967-yili kuchli taʼsir doirasiga ega diniy ulamo Shayx Ahmad Yosin Mujammah al-Islomiya deb nomlangan xayriya tashkilotini tuzdi. U ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, yetimlar, nogironlar va talabalarga moddiy yordam koʻrsatish bilan xalq orasida katta obroʻ qozondi. Vaqt oʻtishi bilan tashkilot oʻz maktablari, klinikalari va madrasalarini ochdi. Bu orqali Gʻazoda islomiy qadriyatlarni mustahkamlash va diniy oʻzlik asosida taraqqiyotga erishish gʻoyalari targʻib qilindi.

1978-yili Shayx Yosin Mujammah al-Islomiyaʼni nodavlat-notijorat tashkiloti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga muvaffaq boʻldi. Isroil hukumati bunga atayin yoʻl qoʻyib berdi. Boisi ular Shayx Yosinning tarafdorlari orqali sekulyar asoslarga suyanuvchi Falastin ozodlik tashkilotini zaiflashtirmoqchi edi.

HAMASga evrilish

Falastin ozodlik tashkiloti Isroil bilan nizolashayotgan bir vaqtda Mujammah al-Islomiya maktablar, shifoxonalar va masjidlar tarmogʻini qurdi. Gʻazo Islom universiteti ham aynan ularning mablagʻlari hisobidan barpo etildi. Biroq “tinch kurash” uzoq davom etmadi. 1984-yili Isroil askarlari tashkilot tasarrufidagi masjidlardan biriga reyd uyushtirib, qurol-yarogʻ topilganini daʼvo qilishdi. Natijada Shayx Yosin hibsga olindi. Biroq oradan bir yil oʻtib asirlar almashinuvi doirasida ozodlikka chiqarildi.

1987-yili Mujammah al-Islomiyani qurolli kurash boshlashga undagan voqea sodir boʻldi. Isroil ishgʻoliga nisbatan norozilik va oʻsib borayotgan gʻazab falastinliklarni isyonga koʻtardi. Birinchi Intifada deb nomlangan ommaviy tartibsizliklar va norozilik namoyishlari Gʻarbiy Sohilni, shuningdek Gʻazo sektorini qamrab oldi.

Shu kunga qadar tinch faoliyat bilan shugʻullanib kelgan Shayx Yosin bo‘layotgan jarayonlarni vatan ozodligi uchun jihod deb atab, qurolli kurashni ragʻbatlantirdi. Uning qoʻllovi bilan Mujammah al-Islomiya asosida harbiy boʻlinma tuzildi. Biroq yangi tashkil etilgan qurolli qanot alohida faoliyat yurita boshladi. Bundan maqsad tashkilotning xayriya faoliyatini saqlab qolish edi. HAMAS shu tariqa maydonga kirib keldi.

Tashkilot avvalboshidan Isroilga qarshi murosasiz kuch sifatida nom qozondi. Jumladan, u Falastin ozodlik tashkiloti va Isroil oʻrtasidagi 1993-yilgi Oslo kelishuvlarini qoraladi. Bu bilan kifoyalanmay, bir qancha hududlarda hujumlar uyushtirdi. Bunga sabab HAMAS Isroilning mavjudligini tan olmas, qolaversa kelishuv shartlarni falastinliklar uchun adolatsiz deb bilar edi. Xuddi shu vaqtlardan HAMAS portlovchi moslamalardan foydalana boshladi. Bunda ularga muhandislik fakulteti bitiruvchisi Yahyo Ayyash yordam berdi.

Foto: BBC

Oslo kelishuvlari Gʻarbiy Sohil va Gʻazodagi ijtimoiy vazifalarning bir qanchasi Falastin maʼmuriyati nomli avtonom tuzilma zimmasiga oʻtishini, u esa keyinchalik demokratik yoʻl bilan saylanadigan hukumatga aylanishini koʻzda tutar edi. Biroq rejaga nafaqat Falastin, balki Isroilda ham qarshilar koʻp edi. 1995-yili yahudiy davlatining oʻsha vaqtlardagi bosh vaziri Yitzhak Rabin bir talaba tomonidan otib oʻldirildi.

Yitzhak Rabin oʻrniga kelgan Shimon Peres Oslo kelishuvlarini davom ettirishga qaror qildi. Falastin ozodlik tashkiloti ham bunga ijobiy javob qaytardi. Har ikkisi muloqot jarayonlari bilan ovora boʻlgan bir vaqtda HAMAS oʻz eʼtiborini kuch toʻplashga qaratdi. Tashkilot yetakchilari vaqti-vaqti bilan Tehronga qatnaydigan boʻlib qoldi. Ayni shu paytlarda oʻyinga Eron ham qoʻshildi. Yaqin Sharqning qudratli davlatlaridan biri HAMASni moliyalashtirib, yashirin kanallar orqali qurol-yarogʻ yetkazib berishni boshladi. Qolaversa, tashkilot aʼzolari fors instruktorlari tomonidan tayyorgarlikdan oʻtkazildi. HAMAS shu tariqa qudratli homiy topdi. Qolaversa, tashqi oʻyinchilar bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatdi.

HAMAS Gʻazoni nazoratga oldi

Oslo kelishuvlaridan soʻng xalqaro yordamning asosiy qismini Yosir Arofat va uning maʼmuriyati orqali yetkazib berish boshlandi. 1993-2006-yillar oralig‘ida Qoʻshma Shtatlar bu maqsad uchun 2,2 milliard dollardan ortiq mablagʻ ajratgan. HAMAS esa, astalik bilan kuch toʻplayotganiga qaramay, hali Falastin ozodlik tashkilotiga chaqiriq tashlay oladigan darajada emasdi. Ammo asr boshidagi voqealar buni oʻzgartirdi.

1990-yillarning oxiriga kelib Falastin tomoni Isroilni Oslo kelishuvlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslikda aybladi. Taranglik alal-oqibat 2000-yili Ikkinchi Intifadaning boshlanishiga olib keldi. HAMAS Falastin maʼmuriyatining harbiy qanoti hisoblangan Fath kabi guruhlar bilan birga kurashga qoʻshildi. Bunga javoban, Isroil armiyasi “Himoya qalqoni” amaliyotini boshladi. Natijada Falastin maʼmuriyati zaiflashdi. Bundan hosil boʻlgan siyosiy boʻshliqni HAMAS toʻldirdi.

Aslini olganda, HAMAS ham jiddiy talafotlarga uchradi. Masalan, 2002-yili uning harbiy qanoti rahbari havo hujumida halok boʻldi. 2004-yili esa harakatning asoschisi va maʼnaviy rahbari ham safdan chiqarildi. Bolaligidan nogironlar aravachasida harakatlangan Shayx Ahmad Yosin bomdod namozidan qaytayotgan vaqti nishonga olindi. Shunga qaramay, ular oʻz boshqaruv tuzilmasi va jangovar salohiyatini saqlab qoldi. 2005-yilga kelib Isroil Gʻazodan qoʻshinlarini olib chiqib ketdi.

2006-yil Falastin ozodlik tashkiloti uchun ogʻir keldi. Yosir Arofatdek mashhur liderdan ajralgan, Isroil bilan janglarda qaqshatqich talafot koʻrgan maʼmuriyat saylovlarni ham boy berdi. HAMAS jami 132 oʻrindan 74 tasini qoʻlga kiritdi. Oradan bir yil oʻtib siyosiy boʻlinish yuz berdi. HAMAS Gʻazo nazorati uchun qurolli kurashda Fath harakatini magʻlub etib, oʻz boshqaruvini oʻrnatdi.

Bunga javoban Isroil va Misr Gʻazo sektoriga qamal joriy qildi. Ular bu harakatni xavfsizlik, jumladan qurol-yarogʻ kontrabandasining oldini olish niyati bilan izohladi. Ammo bu kabi cheklovlar anklav aholisining turmush darajasini keskin tushirib yubordi. Blokada sabab iqtisodiy faoliyat susaydi. Natijada ishsizlik darajasi qariyb 50 foizga yetdi. Bu esa BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning gumanitar yordamiga qaramlikni oshirdi. Qolaversa, gʻazoliklar Isroil, Gʻarbiy Sohil yoki Misrga erkin chiqish huquqidan mahrum boʻldi. Bu esa ular uchun ish, taʼlim va davolanish kabilarni murakkablashtirdi.

Cheklovlar nafaqat aholi, balki hududni bevosita nazorat qilayotgan HAMASga ham taʼsir qildi. Ammo harakat yashab qolishning noodatiy yoʻllarini topdi. Bunda tunnellar Gʻazoni tashqi dunyo bilan bogʻlovchi arteriya vazifasini bajardi. Anklavning Misr, baʼzan hatto Isroil bilan chegarasidan oʻtgan yer osti yoʻlaklaridan kontrabanda orqali deyarli hamma narsa, jumladan oziq-ovqat, yoqilgʻi, qurilish materiallari, tamaki va eng muhimi, qurol-yarogʻ tashildi. Ulardan baʼzilari avtomobilda harakatlansa boʻladigan darajada yirik edi. Shu bois bu tunnellarni norasmiy doiralarda Gʻazo metrosi deb atashgan.

Foto: BBC

Isroil va Misr rasmiylari ularni yoʻq qilish uchun muntazam urinib kelgan. Hatto bunga qisman erishgan ham. Biroq tunnellarning murakkab tuzilishi hamda yer ostida ancha chuqur joylashganligi bu ishni toʻla yakunlashga imkon bermagan.

Biroq birgina tunnellarning oʻzi bilan ham ijtimoiy masʼuliyatni bajarish, ham tashkilot aʼzolari taʼminlashdek qimmat vazifalarni uddalab boʻlmas edi. Bu borada HAMASga Eron va Qatar tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam qoʻl keldi. Qolaversa, ular oʻz faoliyatini ichki soliqlar hisobidan ham moliyalashtirdi.

HAMAS oʻz ehtiyoji uchun zarur qurol-yarogʻlarning kichik qismini kontrabanda orqali qoʻlga kiritdi. Biroq ular kichik partiya boʻlib, butun tashkilotni taʼminlashga yetmas edi. Shu bois yer osti ustaxonalari qurilib, ularda oʻqotar qurollar, minomyot snaryadlari hamda raketalarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Jarayonda metall quvurlar, qishloq xoʻjaligi uchun kimyoviy birikmalar va hatto shakar kabi mahsulotlardan foydalanildi. HAMAS shu tariqa oʻz raketa arsenalini shakllantirdi.

Falastin qurolli harakati bu bilan kifoyalanmay, uchuvchisiz uchish vositalariga ham eʼtibor qaratdi. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarishda ularga tunislik harbiy muhandis Muhammad Zuvoriy yordam berdi. U 2006-yildan boshlab HAMAS bilan hamkorlik oʻrnatdi. Muhandis tomonidan ishlab chiqilgan “Ababeel1” droni Isroil bilan 2014-yilgi urushda qoʻllanildi. Biroq Zuvoriyning oʻzi uzoq yashamadi. 2016-yili uni Tunisda otib ketishdi. HAMAS suiqasd ortida Mossad turganini da’vo qildi.

HAMAS tashkil etilganidan boshlab Isroil bilan bir necha harbiy mojarolarga bordi. Biroq har safar oʻzini toʻla mahv etilishdan saqlab qoldi. Bunga ularning havo hujumlaridan himoyalanish uchun yer osti tunnellar tarmogʻiga ega ekani asosiy sababdir. Qolaversa, ular Mossadning texnologik ustunligini inobatga olib, kommunikatsiyaning nisbatan primitiv usullarini joriy qildi. Bu esa, oʻz navbatida, tashkilot rahbarlarini, umuman olganda, butun faoliyat koʻlamini yashirishga yordam berdi.

7-oktyabr voqealari

2023-yil, kuzning ikkinchi oyi. HAMAS harakati Isroilga hujum qildi. Bu kutilmaganda amalga oshirilgani bois koʻpchilikni esankiratib qoʻydi. Tartibsizliklar natijasida mingdan ortiq insonlar halok boʻldi. Yahudiy davlati boʻlib oʻtgan voqealardan siyosiy kredit sifatida foydalanib, havodan bombardimon kampaniyasi, keyinroq esa quruqlik bosqini boshladi. Anklav toʻliq qamalga olinib, oziq-ovqat, tibbiy ashyolar va hatto ichimlik suvi olib kirish taqiqlandi.

Ogʻir harbiy qurollar va havo mudofaasiga ega boʻlmagani bois HAMAS partizanlik urushi taktikasiga tayandi. Kichik boʻlinmalarga asoslangan elastik mudofaani tashkil etib, shu orqali kurash olib bordi. Yaʼni Isroil va Falastin tashkiloti oʻrtasida muayyan front yoʻq edi. HAMAS jangchilariga portlovchi moslamalar bilan tuzoqlar qoʻyish, pistirma qoʻl keldi.

Foto: BBC

Biroq mojaro anklav uchun ogʻriqli oqibatlarni olib keldi. Gʻazodagi binolarning aksariyati vayron qilindi. Tinch aholidan esa qariyb 70 ming qurbon berildi. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Biroq bu faqat tasdiqlangan raqamlar boʻlib, yoʻqotishlarning asl koʻlami ancha yirik boʻlishi mumkin.

HAMASning mahv etilgan yetakchilari

Isroil bilan urush HAMASga qancha talafot yetkazgani nomaʼlum. Ammo ularning aksar yetakchilari suiqasdlar va havo zarbalari nishoniga tushdi. Dastlabki qurbon Solih al-Aaruriy boʻldi. U 2023-yili Isroil havo kuchlari tomonidan tashkilotning Livandagi ofisiga havo hujumi vaqti halok boʻldi. Al-Qassam harbiy qanoti qoʻmondoni Muhammad Deif navbatdagi qurbon edi. Isroil kuchlari u 2024-yilning 13-iyul kuni Gʻazoning Al-Mavasi hududi yaqinida oʻldirilganini daʼvo qilib chiqdi. HAMAS avvaliga mazkur iddaoni rad etib, keyinchalik tasdiqladi.

Yahudiy davlati bu bilan toʻxtab qolmadi. Eron prezidenti Pezeshkiyonning innauguratsiyasi uchun Tehronga borgan HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya sirli tarzda oʻldirildi. Isroil suiqasd uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan boʻlsa-da, qotillik ortida Mossad josuslari turgani haqida daʼvolar keng tarqaldi. Eron rasmiylari mamlakat suvereniteti buzilishiga javoban qatʼiy choralar koʻrilishini aytdi. Biroq tahdidlar amalga koʻchmay, ritorika darajasida qoldi.

Ismoil Haniyaning oʻlimidan soʻng HAMAS boshqaruvi qattiqqoʻl va xarizmatik rahbar Yahyo Sinvar nazoratiga oʻtdi. Isroil kuchlari uni oʻldirishga bir necha bor uringan boʻlsa-da, buning uddasidan chiqa olmagan edi. Biroq 2024-yilning 16-oktyabr kuni isroilliklar niyatlariga yetishdi.

Rafahning Tal as-Sulton mahallasi yaqinida patrul olib borayotgan 828-Bislamach brigadasi askarlari binodan chiqib kelayotgan uch kishiga oʻt ochishdi. Ulardan biri yaqin atrofdagi imoratga kirib panalandi. Isroilliklar bu HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar ekanini bilmas edi. U Isroil askarlaridan birini ogʻir yaralab, boshqalarini chekinishga majbur qildi.

Natijada isroilliklar vaziyatni oʻrganish uchun uchuvchisiz uchish qurilmasidan foydalandi. Yaralangan, yuzi yashirilgan Yahyo Sinvar qurilmaga tayoq otib, bu bilan uni urib tushirmoqchi boʻldi. Keyinchalik Sinvar joylashgan binoga tankdan oʻt ochildi.

Foto: Reuters

Uning oʻlimidan soʻng, HAMAS boshqaruvi besh kishilik Kengashga oʻtdi. Isroil manbalariga koʻra, unga Sinvarning sobiq oʻrinbosari Xalil al-Hayya rahbarlik qilmoqda. Tashkilotning yangi yetakchisi ancha yillardan beri Qatarda yashab, Isroil bilan bilvosita muzokaralarga rahbarlik qilib kelgan.

Xalil al-Hayyadan tashqari, Kengash tarkibida chet eldagi Falastin jamoalari bilan aloqalar boʻlimi rahbari Xolid Mashʼal, Gʻarbiy Sohilning surgundagi rahbari Zaher Jabarin, Shuro Kengashi rahbari Muhammad Darvish va kimligi nomaʼlum beshinchi shaxs ham bor. Ularning barchasi Qatar yoki Turkiyada istiqomat qilmoqda.

Qatarga hujum

Yaqin Sharqning kichik, ammo neftga boy mamlakati HAMAS va Isroil oʻrtasidagi muzokaralarga vositachilik qilib keladi. Shunga qaramay, yahudiy davlati 2025-yilning sentyabr oyida poytaxt Dohaga zarba berdi. Bundan maqsad HAMASning Al-Hayya kabi yetakchilarini oʻldirish edi. Zarba natijasida tashkilotning besh nafar aʼzosi va Qatar xavfsizlik xizmatining bir nafar xodimi halok boʻldi. Ammo HAMAS yetakchilari bu vaqtda binoda boʻlmagani uchun tirik qolishdi.

Oradan bir oy oʻtib, AQSH prezidenti Gʻazoda tinchlik oʻrnatish boʻyicha 20 bandlik rejasini eʼlon qildi. Tomonlar uning birinchi bosqichi boʻyicha kelishuvga erishib, asirlar almashinuvini olib bordi. Biroq omonat sulh uzoq yashamasligidan xavotirlar bor. Boisi Isroil HAMAS tomonidan qaytarilgan jasadlar boshqa ekanini aytib, tashkilotni kelishuv shartlarini bajarmaslikda aybladi. HAMAS esa vayronalar ostidan jasadlarni chiqarib olish uchun vaqt kerakligini maʼlum qildi.

HAMAS endi yoʻqmi?

Shayx Ahmad Yosin tomonidan 1967-yili asos solingan, ildizi 1928-yilgi “Musulmon birodarlar” tashkilotiga borib taqaladigan HAMAS yillar davomida shakllanib, bir necha bosqichlarni bosib oʻtdi. Goh diplomatiya, goh qurol kuchi bilan Gʻazoni nazoratga olib, oʻz kun tartibini shakllantirdi. Qolaversa, “Hizbulloh” ikki oy, Eron esa 12 kun arang turib bergan Isroil bilan ikki yil jang qildi. Eʼtiborlisi, tashkilot buni har tomondan qamal qilingan sharoitda olib bordi.

Biroq AQSH prezidenti tomonidan ilgari surilgan kelishuv HAMAS tarqatib yuborilishini, G ʼazo nazorati esa xalqaro tashkilotga oʻtishini koʻzda tutadi. Harakat yetakchilari qurollarni topshirish masalasida bir-biriga zid bayonotlar berdi. Ammo kelishuvga kafil tomon sifatida jalb etilgan Turkiya, Qatar va Misr HAMASni bunga koʻndirishi mumkin. Agar bu yuz bergan taqdirda, tashkilot oʻz mavjudligini toʻxtatadi. Lekin yaqinlaridan ayrilgan, ikki yillik mojaro vaqti turli xo‘rliklarni boshdan kechirgan yosh avlod uni mafkurasi sifatida o‘zi bilan olib yuradi.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar