Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida Vengriyaga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, o‘zining saralash bahslaridagi 40 va 41-gollarini urdi.
Portugaliyalik hujumchi shu tariqa Gvatemala terma jamoasi a’zosi Karlos Ruissani (39 gol) ortda qoldirib, Jahon chempionati saralash bosqichlarida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi. Ro‘yxatning uchinchi pog‘onasida argentinalik hujumchi Lionel Messi (36 gol) joy olgan. Undan keyin eronlik Ali Dayi (35 gol) va polshalik forvard Robert Levandovski (33 gol) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, hozirda Portugaliya terma jamoasi JCH saralashining “F” guruhida 10 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Jamoa eng yaqin ta’qibchi Vengriyani 5 ochkoga ortda qoldirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonining “An-Nassr” jamoasida to‘p surmoqda. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 12 million yevroga baholagan.








