Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenning turmush o‘rtog‘i, kinorejissyor Bo Tengberg Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy haqida hujjatli film suratga oladi. Bu haqda Ekstra Bladet xabar berdi.
Film “Konflikt” deb nomlanadi va u Rossiya bilan urush davrida Ukraina rahbarining faoliyati haqida hikoya qiladi. Loyiha Seabird Production kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda, uning hammuassisi Tengbergning o‘zi hisoblanadi. 2024-yilda kompaniya filmni yaratish uchun Daniya kino institutidan 190 ming kron (taxminan 30 ming dollar) grant olgan.
Ta’kidlanishicha, hujjatli film muallifiga “Ukraina prezidentiga alohida yaqinlashish imkoniyati berilgan”.
Turmush oʻrtogʻi sababli Bo Tengberg Ukraina prezidenti bilan yaqin aloqalarga ega, chunki ular Ukrainada ham, Daniyada ham bir necha bor rasmiy tadbirlarda uchrashgan, deyiladi maqolada.
Sentyabr oyida Tengberg shaxsan Ukrainaga tashrif buyurgan edi. Oʻshanda Zelenskiy uni alohida xizmatlari uchun beriladigan “Knyaz Yaroslav donishmand” ordeni bilan taqdirlagan.
Ukraina va Daniya aloqalari
Daniya hukumati Ukrainaga umumiy qiymati 4,2 milliard kron (taxminan 630 million dollar) bo‘lgan 26-harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. 2025—2028-yillarga mo‘ljallangan yangi paketga artilleriya, o‘q-dorilar, qiruvchi samolyotlar uchun ehtiyot qismlar, shuningdek, Ukraina harbiylarini tayyorlashning kengaytirilgan dasturi kiradi.
2024-yilda Zelenskiy va Frederiksen Ukraina hamda Daniya o‘rtasida xavfsizlik sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi.








